Olma serhosil va eng foydali mevalar sirasiga kiradi. Shu bois ham uni mamlakatimizda yetishtirishga, mevali bog‘larni tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimiz viloyatlarida 1 mln 452 432 tonna olma hosili olishga erishildi. Aslida, rejada bu ko‘rsatkich 1 mln 322 198 tonna etib belgilangandi.
Bugun, 2023-yilning 16-fevralida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida “Olma daraxtlarining hosildorligini oshirish va meva sifatini yaxshilash usullari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
“Qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi” hamda Angliyaning organik o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi “YARA” kompaniyasi hamkorligida tashkillashtirilgan seminarda bog‘dorchilik yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar, fermerlar va talabalar ishtirok etishdi.
Unda polshalik xalqaro mutaxassis Grzegorz Cheslinskiy sifatli meva, xususan, olma yetishtirish bo‘yicha o‘z taqdimotini o‘tkazdi. Uning taqdimotidan quyidagi mavzular o‘rin oldi:
Savol-javoblarga boy tarzda davom etgan seminarda bog‘lar bo‘yicha ekspert Erkin Usmonxo‘jayevning taʼkidlashicha, mamlakatimizda olma bog‘laridan yuqori hosil olish uchun uning agrotexnikasida ilmiy va tajribalarda qo‘llanilgan usullardan foydalanish kerak. Shuningdek, ekspert seminar ishtirokchilariga hozirda O‘zbekistonda olma yetishtirish bo‘yicha texnologiyalarning qo‘llanilishiga oid so‘nggi maʼlumotlarni taqdim etdi. Jumladan, olma daraxtini oziqlantirish, kasallik va hasharotlardan himoya qilish, sug‘orish, kesish kabi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda bog‘bonlardan talab qilinadigan talablar va ehtiyotkorlik choralariga eʼtibor qaratdi.
Asosiysi, o‘quv seminari ishtirokchilarda olma daraxtini yetishtirish bo‘yicha muhim maʼlumotlarni taqdim etgani va nazariy-amaliy ko‘nikmalarni shakllantirgani bilan esda qoldi. Fermerlar bu maʼlumotlarni o‘z bog‘larida, talabalar esa kelgusidagi faoliyatlarida tatbiq etishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: