Shu kunlarda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sho‘r yuvish ishlari davom etmoqda. Ushbu jarayonning qishloq xo‘jaligi uchun qanday foydasi bor? Bu qanday amalga oshiriladi? Tavsiya va maslahatlarimiz siz uchun.
Nega sho‘r yuviladi? Yerlarning sho‘rlanishida yer osti suvlarining qanday chuqurlikda joylashganligi va ularning minerallashganligi katta ahamiyatga ega. Chunki ekin ekilganda yerdagi sho‘rlar aynan uning ildiz tizimiga ziyon yetkazadi va yaxshi o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Sho‘rlangan yerlardan ortiqcha suv-tuz eritmalarini ketkazmasdan turib, qishloq xo‘jalik ekinlaridan yuqori hosil olib bo‘lmaydi, bunga esa tuproqdagi sho‘rni yuvish orqali erishish mumkin.
Ilmiy maʼlumotlarga ko‘ra, sho‘rlanmagan yerlarga nisbatan kuchsiz sho‘rlangan yerlarda 15-20 foiz, o‘rtacha sho‘rlangan yerlarda 30-50 foiz va kuchli sho‘rlangan yerlarda 70-80 foizgacha paxta hosili kamayadi. Shuning uchun ham yuqori hosil olish uchun yerlarning sho‘rini yuvish juda muhim.
Qachon yuviladi? Respublikamizning aksariyat hududlarida sho‘r yuvishning eng maqbul muddati — 20-noyabrdan 10-fevralgacha. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yerlarning sho‘rini yuvish uning sho‘rlanish darajasiga qarab, damba usulida 2-3 marta amalga oshiriladi va martning birinchi dekadasida yakunlanadi.
Tuproq harorati -7 -10º darajadan past bo‘lganda sho‘r yuvishni to‘xtatish kerak.
Qanday yuviladi? Sho‘rlangan yerlarda shudgorlash ishlari o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilganidan so‘ng, tuproqning sho‘rlanish darajasiga qarab respublikaning kuchsiz sho‘rlangan tuproqlarida 1 marta (1000-1500 m3/ga meʼyorda), o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarida 2 marta (2000-3000 m3/ga meʼyorda) va kuchli sho‘rlangan tuproqlarda esa 3 marta (3000-4000 m3/ga meʼyorda suv sarflanib) sho‘r yuvish ishlari o‘tkaziladi.
Tuproqning sho‘rini yuvishda dalaning boshidan pastki qismiga qarab, har bir pol (bo‘lak)ga o‘qariqlardan alohida suv ochib to‘ldiriladi va sho‘ri yuviladi. Kichik poldan-katta polga suv ochib, sho‘rini yuvish mutlaqo mumkin emas.
Tuproqni sho‘rini sifatli yuvish uchun uning mexanik tarkibi, suv o‘tkazuvchanligi, yerning nishabligi va qay darajada tekislanganligiga qarab 0,15-0,50 gektar kattalikda pollar olinadi. Buning uchun KZU-0,3 ariq qazigich-tekislagich yordamida har 50 metrdan 50-60 sm balandlikda uzunasiga marza (chel)lar olinadi, ikki uzun marza (chel) olingach, o‘qariqlar olinadi. Ko‘ndalangiga olinadigan marza (chel)lar orasidagi masofa 30-50 metr, chellarning balandligi esa 50-60 sm bo‘lishi lozim.
Kuchli darajada sho‘rlangan yerlarda pollar maydoni 0,25-0,50 gektar atrofida olinib, 50-60 sm balandlikda marza (chel) tortiladi. Marza (chel)lar mustahkam bo‘lishi lozim. Aks holda, suv urib ketib, 20-25 foiz ortiqcha suv sarflanadi.
O‘rtacha va kuchli sho‘rlangan yerlarda har bir suv bostirilgandan so‘ng yengil tuproqlarda 2-3 kundan, mexanik tarkibi o‘rtacha tuproqlarda 5-6 va og‘ir tuproqlarda 7-8 kundan keyin yana suv bostirish orqali yerlarning sho‘ri 2-3 marta yuviladi.
Unutmang! Sho‘r yuvish ishlari mexanik tarkibi og‘ir tuproqlardan boshlanadi va keyin yengil tuproqlarda o‘tkaziladi.
Tuproq sho‘rini yuvishda dala maydonlarining tekisligi juda muhim. Chunki, faqat tekis yerdagina sho‘rni yaxshi yuvish mumkin, aks holda, tuzlar dalaning baland joylariga chiqib, to‘planib, ekinlarning siyrak bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, dehqonchilikni yerlar melioratsiyasidan boshlash kerak. Birgina meliorativ holatni yaxshilash, rayonlashtirilgan va istiqbolli g‘o‘za navlarini to‘g‘ri tanlash bilan paxta hosildorligini oshirishga imkoniyat yaratiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: