Dastlab ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan dukkakli don ekinlarining ozuqaviy qiymati hamda barqaror oziq-ovqat tizimlariga o‘tishdagi ahamiyatini hisobga olib, jamoatchilikning eʼtiborini tortish maqsadida eʼlon qilingan. 2023-yilda ya’ni bugun bu sana “Dukkakli don ekinlari barqaror kelajak uchun” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta‘sirini baholash dasturi” loyihasini amalga oshirish orqali mamlakatimizda dukkakli don ekinlarini ishlab chiqarish va iste‘molini kengaytirishga ko‘maklashmoqda. Global Ekologik Jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilatyotgan ushbu loyiha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tabiiy resurslar vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi.
“Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda dukkakli don ekinlarini almashlab ekish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu agrobioxilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarish omillariga qarshi kurashish va ekotizim xizmatlarini saqlashga yordam beradi. Dukkakli don ekinlari tuproqda azot to‘playdi va tuproq unumdorligining oshishiga hissa qo‘shadi. Almashlab ekishda dukkakli don ekinlaridan foydalanish mineral o‘g‘itlarni qo‘llash samaradorligini oshirishga imkon beradi va natijada qishloq aholisining daromadlarini ko‘payishiga yordam beradi”, — dedi “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va uni qayta tiklash taʼsirini baholash dasturi” loyihasining milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Ushbu sana munosabati bilan Toshkent Davlat agrar universitetida tadbir bo‘lib o‘tdi. FAO ko‘magida tashkil etilgan tadbirda universitetning professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi va “Dukkakli don ekinlarining ozuqaviy ahamiyati, ishlab chiqarishdagi o‘rni hamda tuproqni himoyalovchi va resurs tejovchi texnologiyalar” mavzusi yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Dukkakli don ekinlari — dukkaklilar oilasiga mansub ekinlar bo‘lib, ularning isteʼmolga yaroqli donlari oziq-ovqat uchun ham, ozuqa sifatida ham ishlatiladi. Ko‘pchilikka maʼlum bo‘lgan va keng isteʼmol qilinadigan dukkakli don ekinlari sarasiga loviya, no‘xat va yashil no‘xat kirsa-da, ammo dunyoda uning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, salomatlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va biologik xilma-xillikni saqlashga sezilarli hissa qo‘shadigan boshqa turlari ham bor.
Dukkakli don ekinlari uzoq saqlanishi, xilma-xil turdagi parhezbopligi bilan ham afzallikka ega. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining yo‘qotilishi va buzilishi hajmini kamaytirishga hissa qo‘shadi.
Aksariyat dukkakli don ekinlalari ko‘p miqdorda suv talab etmasligi hamda boshqa oziq-ovqat ekinlariga qaraganda qurg‘oqchilik va iqlim bilan bog‘liq tabiiy ofatlarga bardoshli ekanligini inobatga olsak, bu turli qishloq xo‘jaligi tizimlarida o‘simliklarni chidamliligini va hosildorligini oshirishga yordam beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: