Joriy haftada Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) koʻmagida Italiyaning yetakchi milliy tadqiqot instituti – Qishloq xo‘jaligi, agrosanoat, baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi va iqtisodiyot sohalarida tajribaga ega bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va iqtisodiyoti kengashi (CREA) ekspertlarining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.
Tashrif Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Agrooziq-ovqat sektorida yashil iqtisodiyotga inklyuziv o‘tishni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda iqlimga mos qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, Italiya kengashi aʼzolari Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari bilan uchrashib, ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI), Zangiota agrotexnologiyalar kolleji va “Agrar soha ayollari” uyushmasida boʻldi. Uchrashuvlarda mamlakatimiz olimlari yaratilayotgan innovatsion guruhlarda amalga oshirishni rejalashtirgan innovatsion g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, Paxtachilik seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari g‘o‘zaning yangi serhosil, qurg‘oqchilikka chidamli navlari va institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan resurs tejovchi agrotexnologiyalarni joriy etish haqida so‘zlab berishdi.
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari turli tuproq sharoitlariga chidamli mevali daraxt va uzumzorlar yetishtirishning innovatsion usullari haqida ma’lumot berdi.
Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari resurs tejovchi texnologiyalar asosida noan’anaviy sabzavot ekinlaridan istiqbolli navlarning bamya va artishok turlari birlamchi urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilari paxtachilik va bog‘dorchilik bo‘yicha bir qancha innovatsion guruhlarda ishtirok etishlari haqida so‘zlab berdi.
«Qishloq xo‘jaligi ayollari” Assotsiatsiya vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda chorvachilik (qoramol) mahsuldorligini oshirish va ozuqa samaradorligini ta’minlash orqali fermer xoʻjaliklari va uy xoʻjaliklarida sut ishlab chiqarishni iqlim oʻzgarishiga moslashtirish, sutni qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, chorvachilikda innovatsion chiqindilarni boshqarish gʻoyalari muhokama qilindi.
Zangiota agrotexnologiyalar kolleji o‘qituvchilari Toshkent viloyatida bugungi kunda qishloq aholisi uchun dolzarb bo‘lgan qoramolli xonadonlarga shoshilinch veterinariya yordamini ko‘rsatadigan maxsus ko‘chma laboratoriyalar tashkil etilishi haqida gapirdi.
Samarqand shahridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar hududiy markazida (AKIS) Italiya CREA Kengashi a’zolari delegatsiyasining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. AKIS vakillari va mahalliy fermerlar o‘rtasida hamkorlikning turli jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Malumot uchun:
CREA Italiyada qishloq xo‘jaligi (innovatsion) guruhlarini yaratish va rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi tashkilotdir. Hozirgacha Italiyada qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan 600 dan ortiq muvaffaqiyatli innovatsion guruhlar yaratilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: