Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida yaqinda amalga oshirilgan FAO–Turkiya hamkorlik dasturi loyihalari natijalari va muvaffaqiyatlarii muhokamasiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari tegishli institutlarining yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston FAO –Turkiya hamkorlik dasturi doirasida 8 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirishda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Grantlar va xalqaro moliya institutlari loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ramin Gasanov o‘z nutqida shunday ta’kidladi: “Biz qishloq joylarda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va kambag‘allikni qisqartirish uchun amalga oshirilayotgan FAO – Turkiya hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni juda yuqori baholaymiz. O‘zbekiston ushbu hamkorlik dasturining barcha ishtirokchilari bilan ikki tomonlama mukammal siyosiy va iqtisodiy aloqalarni davom ettiradi. Biz bu dasturni tajriba almashish, imkoniyatni oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish uchun platforma sifatida tan olamiz”.
O‘z navbatida, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov mamlakatimizda dastur doirasidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani va FAOning “Yaxshilanishning to‘rtta yo‘nalishi” konsepsiyasi bilan oziq-ovqat ishlab chiqarish, atrof-muhit va hayot sifati sohasidagi innovatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qilishda ishtirok etgani haqida gapirib berdi.
“FAO–Turkiya hamkorlik dasturlarining barcha loyihalari FAO–O‘zbekiston 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik asoslari va mamlakat qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va tegishli kichik tarmoqlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan milliy ustuvorliklariga mos keladi. Shu munosabat bilan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi milliy hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan birgalikda hamkorlik dasturining muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirilishini ta’minlab, unga o‘z hissasini qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, — dedi Sherzod Umarov.
Malumot uchun:
Turkiyaning FAO bilan uzoq yillik hamkorlik tajribasiga asoslangan FAO –Turkiya hamkorlik dasturi Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi ishtirokchi mamlakatlarning qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va tabiiy resurslarni boshqarish sohalariga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.
FAO–Turkiya oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi hamkorlik dasturi va FAO–Turkiya o’rmon xo’jaligi hamkorlik dasturi hozirda FAOning ikkita modulidan iborat. Dastur baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq ayollarining manfaatlari kabi keng ko‘lamli mavzularni o‘z ichiga olgan 20 ta loyihani birlashtiradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: