Respublikamizda jami 8 109 gektar maydonda nokzorlar mavjud. 2022-yilda ulardan 113 447 tonna hosil yig‘ib olingan. Shundan fermer va dehqon xo‘jaliklarida 7367 gektardan 110 814 tonna hosil olingan. Qishloq xo‘jaligi korxonalarida 742 gektardan 2 633 tonna hosili yig‘ib olingan.
Nok bog‘ini barpo etish:
Nok bog‘i barpo etiladigan maydonning tuproq-iqlim sharoiti ekin uchun qulay bo‘lishi lozim, ayniqsa, harorat hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Nok bog‘lari uchun joyning past-balandligi muhim. Chunki u bog‘ning ayrim maydonlarida mikroiqlim hosil qiladi. Sug‘oriladigan tekis yerlarda, har 1 000 metrda ko‘pi bilan 4-5 m nishab bo‘lgan maydonlarni tanlash tavsiya qilinadi. Ekishdan oldin yerni chuqurroq kavlab, o‘g‘it, biogumus va unumdor tuproq solish lozim. Ammo tog‘li va tog‘oldi hududlarida tuproqni tayyorlash va meva daraxtlarini o‘tqazishda maxsus usullarini qo‘llab, qiya joylarda ham bog‘ barpo etish mumkin. Baland joylarning iqlimi bir xil bo‘ladi, chunki bu yerlarda harorat deyarli o‘zgarmaydi. Past joylar sovuq havo to‘planishi uchun qulay bo‘ladi. Shuning uchun pastliklarda baʼzi bir mevali daraxtlarni, ularning kurtaklari va gullarini ko‘proq sovuq uradi. Atrofi berk vodiylar, pastliklar, chuqurliklarda qish va bahorda ko‘pincha sovuq havo to‘planib qoladi, shuning uchun bu yerlar meva daraxtlari o‘tqazish uchun yaroqli bo‘lmaydi. Bunday joylarda mevali daraxtlarning faqat sovuqqa chidamli va kech gullaydigan tur va navlarini o‘stirish mumkin.
Yurtimiz bog‘larining taxminan 10 gektarida mahalliy navlar o‘stiriladi. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga nokning 17 ta navi kiritilgan.
“Elsari” navi – Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. Nav yozgi, mevasi iyulning uchinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtining bo‘yi past bo‘lib, 3,5 m, to‘rtinchi yili hosil bera boshlaydi. Hosildorligi – 57,3 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 68,9 s/gani tashkil etadi. Mevasi olmasimon, och sariq rangda. Mevasining o‘rtacha vazni – 134 g. Eti och sarg‘ish, juda sersuv va sershira.
“Talgarskaya krasavitsa” navi – Qozog‘istonda yaratilgan. Kech yozda pishadi. Mevasi avgust oyida yetiladi. Daraxtining bo‘yi o‘rtacha 4,8 m bo‘lib, shox-shabbasi o‘rtacha, piramidasimon shaklda, bargi o‘rtacha tuxumsimon, rangi to‘q yashil, silliq. Beshinchi yili hosilga kiradi. Hosildorligi – 169 s/gani tashkil etadi. Mevasi yirik noksimon, silliq, rangi tillasimon-sarg‘ish, o‘rtacha vazni 145-185 g. Eti oq-sarg‘ish, sersuv, mevasi shirin, xushbo‘y. Tarkibidagi qand miqdori – 10,2% va vitamin C (askorbin kislotasi) miqdori – 2,7 mg/%.
“Yubileynaya” navi – Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida yaratilgan. Nav kuzgi, sentyabrning birinchi o‘n kunligida pishadi. Nok daraxtining bo‘yi o‘rtacha 6,3 m bo‘lib, keng shox-shabbalidir. Nok ko‘chati ekilgandan so‘ng sakkizinchi yildan hosil bera boshlaydi. Hosildorligi – 303,1 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 507,2 s/gani tashkil etadi. Mevasi yirik, mazasi yaxshi, mevasining o‘rtacha vazni – 213 g. Eti mayin, sershira.
“Xosui” navi – kelib chiqishi Yaponiya. Daraxtining o‘sishi dastlabki yillarda tez, so‘ng o‘rta. Guli yirik bo‘lib, gullashdan 135-145 kundan keyin pishadi, mevasini saqlash muddati 3-4 oy. Yaponiya va Koreyada “Xosui” navi daraxti ishkom usulida, yaʼni novdalar yon tomonga 90 gradusga egiltirib, o‘stiriladi. Bu dori sepish, mevalarni terib olish va parvarishda qulaylik tug‘diradi. Hosilga quyosh nurlari bir xil tushadi. U yerda namlik darajasi yuqoriligi bois daraxtlar katta bo‘lib, uning yoshiga, hajmiga qarab, mevalari soni aniqlanadi. Masalan, 6 yoshli daraxt 20, 8 yoshlisi 40 dona meva beradi. Eng katta meva hajmi 1 kg 800 gr-2 kg gacha bo‘ladi. Mevasi pishib yetilgach, bandida 2 oygacha turadi. Bu nav boshqa navlarga nisbatan tez, yaʼni 2-3 yilda hosilga kiradi.
Bu nav xalqimiz orasida “Kivi noki” deb ataladi. Bunga sabab mevasi xomligida kiviga o‘xshaydi. Nav daraxti yurtimiz iqlimiga moslashgan. Tog‘oldi hududlarda, lalmikor yer, zax yer va har qanday tuproqda ko‘karadi.
Yurtimizda navning iyul-avgust va sentyabr-oktyabr oylarida pishadigan turlari mavjud.
2017-yildan Respublikamizning Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida bog‘bon Abduhoshim Mahmudaliyev yuqoridagi usulda kivi noki ko‘chatini parvarishlashni boshladi. Bog‘bon tajribasiga asosan, ko‘chatlar 5/4 yoki 3/3 sxemada ekiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: