Joriy yilning yanvar oyida piyoz narxining oshganligi ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVda muhokama etilmoqda.
23 yanvar kuni o‘tkazilgan monitoringlarda saralanmagan piyozning ulgurji narxlari o‘rtacha 6 500 so‘mni, dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan maxsus rastalarda 5000 so‘mni, savdo markazlari va supermarketlarda 7 700 so‘mni tashkil etgan.
Bunda, piyozning ulgurji narxi 1 yanvar kuniga nisbatan 2 900 so‘mga, maxsus rastalarda 2000 so‘mga, savdo markazlarida 3 550 so‘mga oshgan.
Narxlarning oshishiga havo haroratining O‘zbekiston sharoitida juda kam kuzatiladigan darajada keskin sovushi oqibatida dehqonlar ixtiyoridagi piyozning ustki qismi muzlaganligi hamda ayrim yoqilg‘i quyish shaxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilganligi tufayli logistika narxlarining oshishi ta’sir etgan.
Mazkur holatlar esa mahsulotni bozorga yetkazish zanjirida vaqtinchalik uzilishlarga olib kelgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mahsulotni to‘liq nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida ustki qismi muzlagan piyozni havo mo‘tadillashgunga qadar joyidan qo‘zg‘atmaslik kerak.
Piyoz narxi oshishi kuzatilgan bo‘lsa-da, aholida uni g‘amlab qo‘yish kayfiyati mavjud emasligi, hamda joriy yil
1 yanvardan piyoz eksportiga cheklov o‘rnatilganligi bozorlarni aholi talabiga mos ravishda piyoz bilan baqaror ta’minlash imkoni mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ichki iste’mol bozorini piyoz bilan barqaror ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan barcha xo‘jaliklar tasarrufidagi mahsulotlarning zaxirasi doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, Hukumat qaroriga muvofiq hududlarda tashkil etilgan zaxiralarda 51 ming tn, aholi xonadonlarida 200 ming tn piyoz zaxirasi mavjud.
Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotlarning barchasi tuman hokimligi va Departament organlari bilan birgalikda bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan maxsus rastalar hamda mahallalardagi ko‘chma savdo yarmarkalari orqali aholiga manzilli ravishda yetkazib borilmoqda.
Ichki iste’mol bozorida piyozga bo‘lgan ehtiyojni kafolatli ta’minlash hamda narxlar o‘sishining oldini olish maqsadida 1 aprelga qadar qo‘shimcha talab etiladigan 37,5 ming tn piyozni bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Bundan tashqari, respublikadagi ayrim hududlarning ehtiyojidan ortiq miqdorda yetishtirilgan piyozni boshqa hududlarga manzilli yetkazish maqsadida bozorlardagi qo‘shimcha ehtiyoj kundalik monitoring qilib borilmoqda.
Kuzatuvlar natijasidan kelib chiqqan holda piyozni bir hududdan ikkinchi hududga “yashil yo‘lak” tamoyili asosida hech qanday to‘sqinliksiz yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu tadbirlar natijasida o‘tgan 25 kunda jami 5 ming tn piyoz hududlararo intervensiya qilindi.
Jumladan, Navoiyda – 700 tn, Namanganda – 630 tn, Farg‘onada – 430 tn, Andijonda – 410 tn, Jizzaxda – 320 tn, Buxoroda – 310 tn, Xorazmda – 300 tn, Sirdaryoda – 270 tn, Toshkent shahrida – 240 tn, Qashqadaryoda – 180 tn, Qoraqalpog‘istonda – 180, Toshkent viloyatida – 150 tn, Samarqandda – 140 tn, Surxondaryoda – 75 tn piyoz intervensiya qilingan.
Intervensiya qilingan mahsulotlarning barchasi arzonlashtirilgan maxsus rastalar orqali Departament organlari nazorati ostida narxlarni asossiz oshirmasdan sotilishi ta’minlab borilmoqda.
Hozirgi kunda ichki iste’mol bozoriga mahsulotlarni kafolatli tarzda yetkazib berish davom ettirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: