O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev va vazirlikning boshqarma boshliqlari hamda AQSH Mehnat vazirligi Odam savdosi, majburiy mehnat va bolalar mehnati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Margaret Yungk, boshqarmaning xalqaro aloqalar bo‘yicha masʼul xodimi Sara Solomon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturlari, paxta yetishtirishda klaster tizimi, paxta ekin maydonlarida qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalaridan foydalanish, agroklasterlarda “Better Cotton Initiatives” nodavlat notijorat tashkilotining standartlari joriy etilayotganligi kabi mavzular muhokama qilindi.
Respublikamizda bugungi kunda paxta-to‘qimachilik klasterlari soni 134 taga yetdi.
Muzokarada mehmonlar 2022-yilda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qilganligi sohada ko‘plab imkoniyatlarga zamin yaratishini ta’kidlab o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida agrar sohada ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.
Ma`lumot uchun
“Better Cotton Initiative” fermerlarga suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, o‘simliklar himoya vositalarining zararli taʼsirlari oldini olish, paxta tolasining sifatini saqlab qolish, mehnat xavfsizligini taʼminlash, sug‘orishning samarali usullarini qo‘llash, kimyoviy o‘g‘itlarni kamaytirish bo‘yicha treninglar o‘tkazadi. Uning mingdan ortiq aʼzosi bo‘lib, ular qatoriga «H&M», «Gap», «IKEA», «Levi Strauss», «Zara», «Hugo Boss», «Adidas», «Puma» kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: