O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazi (АКIS) tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining 12 nafar rahbari o‘zaro tajriba almashish maqsadida uchrashdilar.
Uchrashuvda dastlab, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Azizov hamkasblarini institutning hozirgi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
Direktorning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Toshboltayev olimlar tomonidan paxtachilik, g‘allachilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari uchun yaratilgan yangi mashinalar va ularni Respublika mashinasozlik klasterida sanoat usulida ishlab chiqarish zarurati haqida gapirdi.
Uchrashuvda ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari kunjut yig‘ishtirishni mexanizatsiyalash, toklarni ochish va ko‘mish, meva ko‘chatlarining qalamchalarini, sholi ko‘chatlarini ekish, g‘o‘za qator orasiga don ekish, soya ekish va yig‘ishtirish usullari bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdilar.
Shuningdek, urug‘larni qobiqlash, ko‘chma issiqxonalar konstruksiyasi, sabzavot ekinlarini plyonka ostiga ekish, tuproqni ekishga tayyorlashga uyg‘unlashgan mashinalarni yaratish, karam yig‘ishtirish, mahalliy o‘g‘itlarni sepish mashinalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirdilar.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi fanini kompleks rivojlantirish istiqbollari, sohaga oid ilmiy ishlanmalarni agroklasterlar amaliyotiga joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuv so‘nggida hamkorlikda loyihalar taqdim qilish va bajarish bo‘yicha kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: