Joriy yilning 20-yanvarida Berlinda “Green week – 2023” doirasida ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari stendi namoyish etildi.
Hurmatli mehmonlar, jumladan, Germaniya oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri Jem O‘zdemir, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy, Berlin meri Fransiska Giffay va boshqalar ko‘rgazma bo‘ylab sayyohatni aynan O‘zbekiston stendidan boshladilar.
Ularni O‘zR Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya kutib oldi.
O‘zbekiston tomon “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” stendi bo‘ylab ekskursiya davomida oziq-ovqat mahsulotlari hamda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Mehmonlar O‘zbekiston stendiga katta qiziqish bilan kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ekskursiyadan so‘ng Aziz Voitov va Jem O‘zdemir esdalik sovg‘alarini almashishdi va birgalikda suratga tushishdi.
Tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning sarhil va quritilgan mevalaridan hamda milliy taomlaridan tatib ko‘rib, yuqori baho berdilar. Ta’kidlash joizki, 240 kvadrat metr maydonga ega O‘zbekiston stendida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatimiz viloyatlari va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Jumladan: 227 turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – sarhil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan sut va go‘sht mahsulotlari, yog‘ va yog‘ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari, un va un mahsulotlari, margarin mahsulotlari va boshqalar.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” stendi hududiga tashrif buyurgan barcha mehmonlarni O‘zbekistondan kelgan oshpazlar tayyorlagan milliy taomlar: palov, somsa, patir non va boshqa taomlar bilan siylandi va stend jonli tarzda milliy musiqa sadolari ostida namoyish etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Niderlandiya, Kanada, Gruziya, Polsha, Mo‘g‘uliston, Latviya va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan qizg‘in uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shu bilan birga, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan yuqori darajada uchrashuvlar o‘tkazildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, vinochilik, g‘alla va yem-xashak ekinlarini yetishtirish va boshqa sohalarda o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Gollandiya, Polsha, Latviya va Kanada tadbirkorlarining O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston sharoitida ekinlarning yangi turlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar doirasida olimlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Barcha hamkorlar oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bosh vazir o‘rinbosari, Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Xenrik Kovalchik bilan tadbirkorlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, urug‘chilik, issiqxonalar, raqamlashtirish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ko‘rgazmaning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha Germaniya do‘konlariga sublimatsiya usulida quritilgan va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, Germaniyaning “Girlos injiniring” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda muzlatgichli omborxona qurish, kooperativ asosida meva va sabzavotlarni qayta ishlash “Buxers” kompaniyalari bilan hamkorlikda eksport shartnomalari imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: