O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining olimlari qorag‘at o‘simligining yangi navlarini yaratish, uning seleksiyasi, agrotexnikasini takomillashtirish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.
Izlanishlar natijasida, oltinsimon qorag‘atning yangi 3 ta naviga: “Uzbekskaya sladkaya”, “Oydin” va “Yodgor” patent olindi. Bu navlar yuqori hosildorligi, tashishga layoqatliligi, chidamliligi, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan makro va mikroelementlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda birinchi marta R.R.Shreder nomidagi mevachilik va rezavor mevachilik institutida olimlar Siyum Yagudina va Ravshan Abdullayevlar tomonidan qorag‘atning yangi navlarini yaratish ustida ish boshlangan. Oltinsimon qorag‘atning yangi yaratilgan navlaridan “Siyuma” (2009-y.), “Iroda” (2011-y.), Ruxshona (2014-y.), Oltinoy (2016-y.) Do‘stlik (2018-y.) Gulnoza (2018-y.), Eliksir (2018-y.) navlari Davlat reestriga barcha viloyatlarda o‘stirish uchun rayonlashtirildi. Ushbu yangi navlarning bir yillik novdalaridan qalamchalar tayyorlanib, ular har xil usulda ko‘paytirilib, istiqbolli usuli tanlab olindi.
Qorag‘atni fevral oyining oxiri-mart oyi boshidan o‘suv davri boshlanadi. U aprelning birinchi o‘n kunligida gullay boshlaydi. Oltinsimon qorag‘at erta hosil beradigan o‘simlik, u ekilgandan so‘ng ikkinchi yili hosilga kiradi.
Navidan qatiy nazar, uning hosili mayning oxiri-avgust oyigacha terib olinadi.
Qorag‘atning tarkibida C, B, B9, A, R, K vitaminlari, qand, organik kislota, xushbo‘y moddalar mavjud. Uni yangi uzilganda, quritilgan, muzlatilgan murabbo shaklida hamda sharbat holida isteʼmol qilinadi.
Shuningdek, Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida qulupnayning ham 3 ta yangi navi yaratildi.
Issiqxona hamda ochiq maydonda yetishtirish uchun mo‘ljallangan, yilning 5-6 oyi davomida hosil beradigan, hattoki, yozning issiq kunlariga bardoshli “Dildor” navi, yil davomida ochiq maydonda bir marta hosil beradigan “Kamola” va “Dilnoz” navlari mahalliy seleksiya yo‘li bilan yaratildi. Shu bilan birga ushbu navlarning ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ma’lumot uchun, respublikamiz hududlarida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestrida qulupnayning “O‘zbekistanskaya”, “Kulver”, “Tashkentskaya”, “Muto” (Krimskaya), “Zenga-Zengana” navlari mavjud bo‘lib, 2014-yilda “O‘zbekiston go‘zali”, 2018-yilda introduksiya qilingan qulupnayning “Beautiful”, “Redgountlet”, “Kobra”, 2020-yilda “Medvey” navlari Davlat reestriga kiritildi.
Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida qulupnayzorlar keng miqyosda tashkil etilib, maydonlari kengaymoqda. Qulupnay hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yaxshi o‘sib, yuqori hosil bermoqda.
Shuningdek, institut olimlari aholi isteʼmoli va fermerlarga tavsiya qilish uchun shaftoli, olxo‘ri, limon, oltinsimon qorag‘at mevalaridan sukat tayyorlamoqdalar. Bu mamlakatimizning ichki bozori yana bir yangi mahsulot bilan boyishiga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: