Pomidor ko‘pchilikning sevimli poliz ekini hisoblanadi. Aholini pomidor bilan yil bo‘yi taʼminlash uchun hozirda uni issiqxonalarda yetishtirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimiz viloyatlarida jami 3 ming 157 nafar fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 6 ming 297 gektar maydonlarda issiqxona xo‘jaliklari mavjud. Shundan, 3 ming nafar fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 5 ming 229 gektar maydonlarda issiqxonalar faoliyat yuritib kelmoqda.
2022–yilning yanvar-dekabr oylari davomida issiqxonalarda 301 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan. Shundan, 211 ming tonna pomidor hosili yig‘ishtirib olingan. Issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar asosan Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilingan.
Issiqxonalarda yetishtirish davrlari. Pomidor issiqsevar o‘simlik. Uning urug‘i +10+12 0 darajada una boshlaydi. Urug‘i tezroq unib chiqishi uchun maqbul harorat +22+25 °daraja bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda qishki issiqxonalarda pomidor kuzda ekiladi, bunda hosil noyabr-yanvar oylarida yetiladi (kuzgi-qishki) yoki keyingi yil iyulgacha ham parvarish qilinaveradi. Shuningdek, uni qishda ekib, martdan iyulgacha qishki-bahorgi hosilni ham olish mumkin.
Hozirgi vaqtda janubiy mintaqalarda shu jumladan, O‘zbekiston sharoitida yil davomida foydalaniladigan issiqxonalarda pomidorni uzaytirilgan aylanish davrida yetishtirish keng qo‘llanilmoqda. Bunda ko‘chatlar oktyabr– noyabr boshlarida ekilib, uning o‘sish davri iyun oxirida yakunlanmoqda. Ayrim vaqtda pomidorni ekishdan ilgari ko‘katlardan ukrop yoki kashnich ekiladi.
Tuproq ozuqabop bo‘lishi kerak. Qishki-bahorgi davrda pomidorni issiqxonalarda yetishtirishda havo harorati va namligining keskin o‘zgaruvchanligiga yo‘l qo‘yilmaslik kerak. Bu o‘simliklarni bo‘shashtirib yuboradi va kasalliklarga chalinishini kuchaytirishi mumkin.
Qishki-bahorgi davrda pomidor avj olib o‘sib rivojlanadi. Shuning uchun tuproq oziq elementlariga boy bo‘lishi kerak.
Bu davrda pomidor ekilganidan taxminan 2 oydan keyin meva tuga boshlaydi va nimrangligida teriladi. Ana shunda tupda qolgan mevalar tez yetilaveradi. Hosil bahorda har 2-3 kunda, yozda har kuni teriladi.
Navlarini to‘g‘ri tanlash. Issiqxonalarda pomidordan yuqori hosil olishda nav va duragaylarni to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega. Nav va duragaylarni tanlashda ularning serhosilligi, tezpisharligi, kasallikga chidamliligi, mevasining sifati kabi ko‘rsatkichlardan tashqari boshqa xususiyatlari ham hisobga olinishi kerak.
Pomidorning oxirgi paytlarda issiqxonalarda ko‘p ekilayotgan ayrim navlari quyidagilar:
“Dafnis F1” – Gollandiya davlatining “Singjenta” firmasining duragayi hisoblanib, 2016-yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga respublika bo‘yicha kiritilgan.
“Torri F1” – Gollanliya davlatining ”Singjenta” firmasining duragayi. 2012-yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga respublika bo‘yicha kiritilgan.
“Lesli F1” – Yaponiya davlatining “Sakata” urug‘chilik kompaniyasining duragayi. 2014- yildan O‘zbekiston Respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga respublika bo‘yicha kiritilgan.
“Lamiya F1” – Isroil davlatining “Xazera” firmasining duragayi. 2013-yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga respublika bo‘yicha kiritilgan.
“Pink Paradaes F1” – Yaponiya davlatining “Sakata” urug‘chilik kompaniyasining duragayi bo‘lib, 2011-yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha kiritilgan.
“Jalila F1” – Yaponiya davlatining “Sakata” urug‘chilik kompaniyasining duragayi. 2011-yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.
“Mahalliy Zamin F1” duragayi “Green Valley seeds” korxonasi tomonidan 2019-yili Davlat reestriga kiritilgan. Issiqxonalar uchun istiqbolli duragay hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: