Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu va FAO ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov ishtirokida uch tomonlama onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hozirda davom etayotgan hamkorlik va 2023-yilga mo‘ljallangan rejalarni muhokama qildilar.
Ayni kunga qadar O‘zbekistonda FAO ishtirokida 18 ta milliy va 15 ta hududiy loyihalar amalga oshirilmoqda va ular qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligida kreditlash, lizing, sug‘urta, subsidiyalash kabi yangi moliyaviy vositalarni ilgari surish birgalikdagi ishlarning dolzarb mavzusiga aylandi. Tomonlar, shuningdek, global iqlim tashabbuslaridan grant resurslarini jalb qilish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Xususan, Moslashuv fondi, Yashil iqlim fondi va Global ekologik fond ishtirokida yangi texnik va grant yordami loyihalarini ishga tushirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
Aziz Voitov bugungi kunda O‘zbekistonda maʼmuriy islohot, shuningdek, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotganini, bu borada mamlakatimiz tomoni Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida oziq-ovqat tizimi va boshqaruv usullarini o‘zgartirish bo‘yicha Turkiya, Yaponiya kabi muvaffaqiyatli xorijiy tajribadan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan avvalroq Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT Sammiti chog‘ida taklif etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global konferensiyani joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik masalalarini ham muhokama qildilar. Konferensiyaga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish uchun FAO bilan birgalikda ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari shu va boshqa dolzarb masalalarni fevral oyida Toshkentda bo‘ladigan uchrashuv chog‘ida FAO shafeligida muntazam o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilishga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: