Respublikada chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish va ularning narxini barqarorligini taʼminlash maqsadida 2022-yil yakuniga qadar sohada 4,5 trln so‘mlik 1152 ta loyiha amalga oshirildi. Loyihalar doirasida xorijiy davlatlardan 33600 bosh qoramol va 139 700 bosh qo‘y-echkilar olib kelindi.
Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida import qilingan naslli chorva hayvonlari va ichki xo‘jaliklarda yetishtirib sotilgan naslli qoramollar uchun 118 ta chorvachilik subyektlariga 18,5 mlrd so‘m, chorvachilik mahsulotlarini o‘z xo‘jaliklarida yetishtirib, sotuvchi 1082 ta chorvachilik subyektlariga 250 mlrd so‘m davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Respublika hududlarining tabiiy iqlim, iqtisodiy va ekologik sharoitlarini hisobga olib, sut yo‘nalishidagi qora-ola zotli qoramollarni Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida, qizil cho‘l zotli qoramollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Buxoro, Navoiy, Xorazm, Jizzax, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, shvits zotli qoramollarni Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, bushuyev zotli qoramollarni Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jaliklarida urchitish uchun rayonlashtirilgan. Bu asosiy to‘rtta qoramol zotlari respublikamizda urchitish uchun rayonlashtirilgan asosiy zotlar hisoblanadi.
Qora-ola zoti (respublikada jami mavjud qoramollarning 41% ni tashkil etadi) sut yo‘nalishida bo‘lib, bosh soni va sigirlarning sut mahsuldorligi bo‘yicha 1-o‘rinni egallaydi.
Qizil cho‘l zotli (30% atrofida) qoramollar respublikamizda sut yo‘nalishidagi urchitish uchun rayonlashtirilgan zotlardan biri hisoblanadi va qimmatli mahsuldorlik hamda biologik xususiyatlarga ega.
Shvits zotli qoramollar (16% ni tashkil etadi) sut-go‘sht yo‘nalishidagi zot.
Bushuyev zoti (0,6% atrofida) sut yo‘nalishidagi qoramollar respublikamizda yaratilgan yagona zot bo‘lib, muhim biologik va xo‘jalik foydali xususiyatlariga ega.
Agar chet davlatlardan angler zotli qoramollar olib kelinsa, ularni qizil cho‘l zoti rayonlashtirilgan viloyatlarda urchitish mumkin. Go‘sht yo‘nalishidagi santa-gertruda zotli qoramollarni Jizzax viloyati, aberdin-anguss, gereford zotli qoramollarni Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, qozoqi oq bosh zotli qoramollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati fermer xo‘jaliklarida urchitish tavsiya etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: