Quyosh kabi porlab turuvchi limonning har bir bo‘lagi dardlarga darmon, koni shifo. Garchi taʼmi barchaga birdek yoqmasa-da, ammo shifobaxshligi tufayli doimo qadrlanadi, isteʼmol qilinadi.
2018-yilga qadar respublika bo‘yicha 1221 gektar maydonga limon yetishtirilgan. Shuning asosiy qismi shaxsiy tomorqalarga to‘g‘ri keladi. Ushbu yilgacha mamlakatimizdan 2, 5 ming tonna limon eksport qilingan. Jami yetishtirilgan mahsulot 32 ming tonnani tashkil etgan.
2021-yilda respublika bo‘yicha 2332 gektar maydonda limon yetishtirilmoqda. Ushbu yilda yetishtirilgan jami mahsulot 64 ming tonnani tashkil etmoqda. Shundan eksport salohiyat 11 ming tonnaga teng bo‘lmoqda. 2022-yil yakuni bo‘yicha eksport qilingan mahsulot esa 3600 tonnani tashkil etmoqda. Hozirda eksportga yaroqli zahirada yana 8-10 ming tonna limon hosili mavjud.
Respublika bo‘yicha faqat “Toshkent” navi eksport qilinadi. 64 foiz limon Rossiya Federatsiyasiga, 32 foiz Qozog‘istonga, qolgan mahsulotlar Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Xitoy davlatlariga eksport qilinmoqda.
O‘zbekistonda limon yetishtirish bo‘yicha Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari peshqadamlar safida. Respublikada limon eksport qilish salohiyati bo‘yicha esa, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
O‘zbekistonga Argentina va Turkiya davlatlaridan limon importi ham yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda yetishtiriladigan limon navlari
Limonni Meyer navi – past bo‘yli Xitoy limoni bo‘lib, serhosil, barvaqt hosilga kiradi. U limon navlari ichida eng yaxshisi, tomorqalarda o‘stirish uchun juda qulaydir. Ushbu navli limon yengil tuproqli unumdor yerlarda yaxshi o‘sadi. Meʼyoriy sharoit yaratilganda yil davomida gullab, hosil berishi mumkin. Bu nav o‘zidan changlanishi bilan afzal hisoblanib, ko‘chatlari ikkinchi yildan hosil bera boshlaydi. Mevasi oktyabr oyining oxiri-noyabrning boshlarida birin-ketin pishadi. Shuning uchun uning hosili mavsumda 2-3 marta teriladi.
Limonning “Toshkent” navini seleksioner olim Zayniddin Faxriddinov 1966-yilda yaratgan. Yilida ikki marta (bahor va kuzda) gullaydi. Ushbu nav juda hosildor bo‘lib, har bir daraxtida 350-400 donagacha meva yetishtirish mumkin. Undan 1 gektar maydonda 80-120 tonnagacha hosil olish mumkin. Qalamchalardan yetishtirilgan ko‘chatlari 2-3 yilda hosilga kiradi. Boshqa limon navlaridan tikanlarning yaxshi rivojlanmaganligi yoki tikansizligi bilan ajralib turadi. Nav sovuqqa va jazirama issiqqa nisbatan chidamli bo‘lib, asosiy shoxlarini -8-9°daraja haroratda sovuq uradi. Sovuq urgandan so‘ng shox-shabbasining tez tiklanishi, issiqlik, qurg‘oqchilik, sho‘r tuproq va turli kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Mevalari oktyabr oyida pishib yetiladi. Ushbu nav O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat Reestriga 2015-va 2017-yillarda kiritilgan.
Limonni “Yubileyniy” navi ham seleksioner olim Zayniddin Faxriddinov tomonidan 1970-yilda yaratilgan. U tashqi ko‘rinishi va xususiyatlari bo‘yicha “Panderoza” navini eslatadi. Po‘sti qalin eng yirik limon. Undan efir moyi, pektin va sukatlar olinadi. Mevalari asosan qayta ishlanadi, ammo issiqxona va uy sharoitida yetishtirilgan mevalarini uzib olingandan so‘ng bir hafta o‘tgach, isteʼmol qilish mumkin.
Yubileyniy” navi aksariyat turdoshlari kabi injiq daraxt emas. Hatto havo va tuproq namligi yetarli bo‘lmagan sharoitda ham u hosil tugaveradi. Limonchilikka qiziqqan istagan bog‘bonlar uchun ham bu juda qulay. U O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat Reestriga 2015-va 2017-yillarda kiritilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: