Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida go‘sht, sut va tuxum yetishtiruvchi tadbirkorlar duch kelayotgan muamolarni muhokama qilish va ushbu mahsulotlarni tannarxini tushirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir chorvachilik va parrandachilik sohasini yana-da rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tadbirkorlik subyektlarining muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish hamda muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni chorvachilik va parrandachilik sohasidagi tadbirkorlarning muammolarini aniqlashga, takliflar berishga, hamda ularni shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Aziz Voitov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri:
– Qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ekin maydonlaridan unumli foydalanish orqali mahsulotlarimizni ko‘paytirish asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Go‘sht, sut, tuxum mahsulotlarining ko‘payishi ularning tannarxi arzonlashishiga xizmat qiladi. Buning uchun yerlarni o‘zlashtirish, moyli ekinlar yetishtirish samaradorligiga erishishimiz kerak.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz rahbariyatining aholini rozi qilishga qaratilgan izchil ijtimoiy siyosati tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishi kuzatilmayapti. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bozor mexanizmlarining barqaror ishlashiga xizmat qilmoqda.
Go‘sht, sut, tuxum kabi mahsulotlar aholining kundalik isteʼmol xarajatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi chorvachilikda ham hosildorlikni oshirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida innovatsiyalar joriy etilmoqda.
Respublikada xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan veterinariya, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha to‘qqizta loyiha amalga oshirilmoqda.
Zoom konferensiya orqali Savdo-sanoat palatasining 14 ta hududiy boshqarmalaridan 150 ga yaqin ushbu sohadagi tadbirkorlar qatnashdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlar bilan ushbu sohadagi muammolarni ochiq muhokama qilish va konstruktiv yechimlarni izlash uchun platforma yaratishdan iborat.
Davra suhbatida aniqlangan muammolar yuzasidan tadbirkorlik subyektlaridan takliflar tahlil qilindi, muammolarning aksariyati tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etildi, ayrim masalalar bo‘yicha esa topshiriqlar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: