Bu dunyoning betakror moʻjizalari, xazinalari bisyor. Garchi azaldan mavjud bo‘lsa-da, hanuzgacha insoniyat tomonidan bironta yangi zoti yaratilmagan va faqatgina Yaratganning tuhfasi deya qaralayotgan asalarichilik tabiatning yetti xazinasidan biridir. Xazinalar esa doimo odamzodga foydali va bardavom bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Zahmatkash asalarilarning mehnati hosili bo‘lgan asal inson salomatligi uchun koni foyda bo‘lsa, tabiatdagi daraxtlarning gullashi va kutilgan hosilni berishi uchun beminnat dastyor vazifasini o‘taydi. Balki shuning uchun ham asal va asalarichilikka bo‘lgan mehr, ehtiyoj insonlarda ortsa ortmoqdaki, aslo susaygani yo‘q. Bu esa, mamlakatda asalarichilik sohasiga eʼtibor qaratilayotganidan va bu borada kutilgan natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi.
Respublikamizda 2022-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, asalari oilalari soni 121 ming donaga ko‘payib, 1 mln 221 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yil davriga nisbatan (2021-yilda 1 mln. 100 ming ta) 121 mingtaga yoki 111 foizga oshdi.
Respublika bo‘yicha yetishtirilgan asal miqdori 23 ming 500 tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (21 ming 750 tonna) 1 ming 750 tonnaga yoki 108 foizga ko‘paydi.
Mahalliy sharoitda yetishtirilgan ona arilar soni 1 mln 180 ming donaga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (950 ming dona) 230 mingtaga yoki 124 foizga oshdi.
Ushbu yil davomida asalari oilalarining zotini yaxshilash hisobiga mahalliy sharoitda tayyorlangan 266 ming dona asalari paketlari Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinishi taʼminlandi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridagi 1500 gektardan ortiq mevali bog‘larning hosildorligini oshirish maqsadida ilmiy yondoshgan holda shartnoma asosida 7000 dan ziyod asalari oilalari joylashtirilib, ularni changlatish agrotexniklari amalga oshirildi.
2022-yil yakuni bilan kutilayotgan ko‘rsatkichlar:
Beminnat dastyor.
Mehnatkash inson kabi doim tinim bilmaydigan asalarini bejizga bobodehqonga qiyoslashmaydi. Dehqon xalqiga nasiba ulashish ilinjida tinim bilmaganidek, asalari ham odamlarga asal yetkazish, daraxtlarni changlatish va eng asosiysi, zahmatkash asalari guruhiga sadoqat bilan o‘z vazifasini bajaradi. Asalari oilasidagi sadoqat, ahillik, mehnatkashlik xuddi insonlarning baxtiyor oilasiga qiyos. Asalari oilasida ham mehnatkash va g‘amxo‘r oila boshlig‘i yagona bo‘ladi. Ona asalari esa doimo kuyunchaklik bilan davomchilarini mehnatga o‘rgatadi. Balki shuning uchun ham asalari va insonlar o‘rtasida o‘xshashlik, cheksiz mehr-muhabbat bordir.
Asalarining beminnat xizmati shundaki, ular o‘simlik gullarini changlatish yo‘li bilan ekinlar hosildorligini 60 foizgacha oshiradi. Asalari oilasi bitta ona asalari, 50-80 ming ishchi asalari, 100 tagacha erkak asalarilardan iborat bo‘ladi. Shuningdek, oilada tuxum, asalari lichinkasi va g‘umbaklar ham bo‘ladi. Asalari uyasining markaziy qismida boshqa asalarilarga o‘xshamaydigan, ancha katta hajmli asalarini ko‘rish mumkin. Bu – ona asalari. Uning qorin qismi uzunchoq, to‘la gavdali, qanotlari qorin qismini to‘liq yopmagan bo‘ladi. Uning yagona vazifasi asalari naslini kelajakda davom ettirishdan iborat. Ona asalari o‘zi yetiladigan onadonlardan 15-16 kun davomida yetilib chiqadi. Yetilganidan 5-6 kun o‘tgach, ilk bor parvoz qiladi. Uyadan chiqib tevarak-atrof bilan tanishadi. Ona asalari urug‘langach, uch kun o‘tib, tuxum qo‘yishni boshlaydi va bu jarayon kun sayin ortib boradi. Ona asalari qo‘ygan tuxumlari ikki xil bo‘ladi. Urug‘langan tuxumlaridan ishchi va ona asalari hamda urug‘lanmagan tuxumlaridan esa faqatgina erkak asalari yetishib chiqadi. Ona asalari uyadagi yagona urg‘ochi asalari bo‘lib, barcha asalarilarning onasidir. Kuchli ona asalari kuniga 2000 ta gacha tuxum qo‘yadi. Ona asalari besh yilgacha yashashi mumkin.
Аsalari zotlari. Asalarichilikda shu paytgacha hali inson tomonidan birorta ham asalari zotlari yaratilmagan. Shunga qaramasdan har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan asalari zotlari bor. Mana shu zotlarni “aborigen zot”, deb ataladi. Ming yillar davomida, tabiat qonunlari asosida, tabiiy tanlanish natijasida bir-biridan morfologik, biologik va xo‘jalik foydali ko‘rsatkichlari hamda hududlar bo‘yicha o‘z nomini olgan “aborigen asalari” zotlari mavjudligi mutaxassislarga maʼlum. Bugungi kunda yurtimizda ko‘p asal beradigan mahalliy asalarilar bilan birga “O‘rta rus”, “ Kavkaz tog‘ kulrang”, “Karpat” zotli asalarilar va xorijdan keltirilgan “Italiya” zotli asalari hamda Avstriyadan keltirilgan “Krainka” asalari zotlari tarqalgan.
Asalarilarni parvarishlash.
Asalarichi asalari oilasi bilan ishlash uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rish lozim. U qish mavsumida asalari uchun kerakli bo‘ladigan barcha jihozlarni, xususan yangi ramka, mumparda, asalari qutisi va boshqa ish qurollarini tayyorlab qo‘yishi lozim. Aks holda, bahorda asalari oilasiga qarov o‘tkazish davrida, qilinadigan ishlarni bajarishga vaqt topmasligingiz mumkin. Asalari oilasi bilan ishlash davrida, avvalo barcha qoidalarga amal qilinishi, oila tinchini buzmaslik, (havo harorati past bo‘lganda, tabiatda gulshira kelmayotganda) ularni ortiqcha qo‘zg‘atmaslik lozim. Aks holda, asalarilar bezovtalanib, ko‘proq chaqib olishi mumkin. Shuning uchun ham asalari qutisini ohistalik bilan ochib, uyani taqillatmasdan, quti ustidagi qopqoqni olish lozim. Shuningdek, havo harorati past bo‘lgan, salqin kunlarda, kuchli shamol esib turganda asalarilar bilan ishlash mumkin emas. Chunki salqin havo va shamol uyadagi haroratga salbiy taʼsir etib, yosh naslni shamollatib qo‘yishi mumkin.
Asal qanday оlinadi?
Asal olish uchun kunning eng qulay vaqti (asalarilar faol shira to‘plash bilan band bo‘lgan mahal) kunduzi soat 10-16 gacha bo‘lgan davrdir. Аsalarilar shira to‘plash bilan ovora bo‘lganda, uning jamg‘argan asalini olib qo‘yayotganiga kamroq eʼtibor qaratadi va deyarli asabiylashmaydi. Ramkalardan asalni tortib olingach, ularga ozgina suv purkalsa, asalarilar katakchalarni tez tozalab qo‘yadi. Barcha olingan ramkalarni yana qaytarib, eski joyiga qo‘yishga harakat qilinadi. Asal olish uchun maxsus xona bo‘lishi, asalarilar bu xonalarga kira olmasligi kerak. Bu ishlar yopiq xonalarda amalga oshiriladi. Shunda asalarizorda o‘g‘irliklarning oldi olinadi. Uyadan asalli ramkalarni olishdan oldin, tutatgich asbobi bilan asalari uyasiga bir oz tutun kiritiladi. So‘ngra asalli ramkalar olinadi. Bunda ochiq naslli ramkalar olinmaydi va ona asalari ohistalik bilan boshqa ramkaga olib qo‘yiladi. Asal olish uchun asalari oilasidan serasal ramkalar tanlab olinadi. Bunday ramkalarda ochiq naslli lichinkalar bo‘lmasligi lozim, aks holda, asal olish asbobidagi kassetalar aylanayotgan davrda ular katakchalardan chiqib ketadi va nobud bo‘ladi.
Asal ham ozuqa, ham shifo bo‘lib, unda salomatlik uchun yetmish to‘rttadan ortiq kerakli moddalar bor. Asal asrlardan o‘tsa-da, aslo tarkibi o‘zgarmaydigan, sifati buzilmaydigan, vaqt o‘tgani sayin uning foydalilik qiymati oshib boradigan mahsulotdir. uning salomatlikka foydaliligi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: