5-dekabr ‒ Butunjahon tuproq kunini munosib o‘tkazish maqsadida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda “Tuproq unumdorligini saqlashda raqamli texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari va muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanda Respublika miqyosida sohaga oid 13 ta oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 280 nafardan ortiq professor o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar onlayn tarzda hamda ZOOM platformasi orqali faol ishtirok etdi.
Mazkur anjuman global iqlim o‘zgarishlari, natijasida, yuzaga kelayotgan sahrolanish, yerlar degradatsiyasi, sho‘rlanish, tuproqlar eroziyasi, atrof-muhitni ifloslanishi kabi salbiy va dolzarb masalalarni hal etishda tuproqshunos, agrokimyogar va boshqa turdosh soha olimlarining olgan yangi nazariy va amaliy yangiliklari, sohani raqamlashtirish yo‘nalishida erishgan yutuqlari, innovatsion g‘oyalari bilan o‘rtoqlashish imkonini berdi.
Hozirgi kunda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida 14 ta ilmiy loyihalar bo‘yicha tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur amaliy va innovatsion loyihalar doirasida mamlakatimiz tuproqlari unumdorligini saqlash, oshirish, ularda kechayotgan degradatsiya jarayonlarini oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasida yangi texnologiyalar ishlab chiqish, tuproqshunoslik sohasiga raqamlashtirish texnologiyalarini olib kirish, tuproqlarning va shu bilan birga atrof-muhitning ekologik holatini yaxshilashga yo‘naltirilgan tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tuproqshunoslik sohasini raqamlashtirish borasida sho‘rlangan qishloq xo‘jalik yerlari meliorativ holati bo‘yicha ma’lumotlarni qayta ishlashga yo‘naltirilgan mobil ilova yaratish, respublikadagi gipslashgan sug‘oriladigan tuproqlarning 3D kartalarini yaratish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tuproq resurslarini baholash va monitoring qilish, dasturiy mahsulot yaratish yuzasidan izlanishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, institut olimlari tomonidan mamlakatimizda ilk marotaba tuproqlarni xalqaro tuproq kimyoviy tahlillari standarti (51 ISO/TC 190 Soil quality) asosida tahlil qilish texnologiyasini yaratish hamda butun jahonda keng qo‘llanilayotgan tuproq sifati indekslari asosida tuproqlarning sog‘lomlik darajasini baholovchi tuproq-ekologik xaritalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar amalda bajarilmoqda.
Ma’lumot uchun
Jahon miqyosida tuproqlar unumdorligini saqlash, ularni turli degradatsiya jaryonlaridan muhofaza qilish, tuproqning ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish va tuproq resurslaridan barqaror foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida, 2002-yilda Xalqaro tuproqshunoslik jamiyati tomonidan “Butunjahon tuproq kuni”ni nishonlash tavsiya etilgan. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xabardorlikni oshirish uchun global platforma sifatida Butunjahon tuproq kunining rasmiy ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatladi. FAO konferensiyasi 2013-yil iyun oyida Butunjahon tuproq kunini bir ovozdan ma’qulladi va BMT Bosh Assambleyasining 68-Kongressida uni rasman qabul qilinishini so‘radi. 2013-yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 2014-yil 5-dekabrni birinchi rasmiy Butunjahon tuproq kuni sifatida belgilashni qo‘llab-quvvatladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: