2022-yil 24-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida ilk marta o‘tkaziladigan qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishning istiqboldagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi ekspertlari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi statistika bo‘yicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze boshqa mamlakatlarning qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tajribasi, shuningdek, tashkilotning bu borada amalga oshirgan ishlari haqida taqdimot qildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish qishloq xo‘jaligining asosiy statistikasini yig‘ishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Yagona dastur va metodologiya bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli statistik so‘rov qishloq xo‘jaligining holati va tuzilishi, uning resurs salohiyatining mavjudligi va ulardan foydalanish to‘g‘risida eng to‘liq va obyektiv maʼlumotlarni olish imkonini beradi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi vakili Humoyun O‘razbekov ishtirokchilarni ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasining meʼyoriy-huquqiy bazasi va qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bosqichlari bilan tanishtirdi, shuningdek, sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda asosiy ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va bu borada respublika va hududiy komissiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, barcha jalb etilgan vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Davra suhbatida asosiy qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2024-yilda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida asosiy ro‘yxatdan o‘tkazish tashkil etiladi. Bu boradagi vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi hisoblanadi. Tadbirlarning xalqaro standartlarga javob berishini taʼminlash maqsadida “Sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida tashkilotchilar qo‘llab-quvvatlanadi. Mazkur loyihaning maqsadi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi statistikasi tizimini takomillashtirish va Davlat statistika qo‘mitasi xodimlarini qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha usullar va dala ishlarini olib borishga o‘rgatishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 1-31-avgust kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Samarqand viloyatining Jomboy tumanlarida sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ilk bor tashkil etildi. Tadbirlarda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi statistika bo‘yicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze ham ishtirok etdi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish uchun ishlab chiqilgan anketalarni takomillashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni qo‘llab-quvvatlash uchun vaqtincha jalb qilingan shaxslar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi, shuningdek, xabardorlikni oshirish uchun materiallar, yaʼni bannerlar, plakatlar, qo‘llanmalar, bukletlar va flayerlar kabi axborot-kommunikatsiya materiallari taqdim etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: