Ushbu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi «Texnik, moyli, dorivor o‘simliklar va chorvachilikning ozuqa bazasini rivojlantirish» boshqarmasi boshlig‘i Jamshidjon Abduzuxurov maʼlumot berdi.
“Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida”gi Yagona konvensiya talablari va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, mazkur faoliyat turini O‘zbekiston hududida qonuniylashtirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari va aloqador vazirlik idoralar bilan hamkorlikda qonunchilikka, yaʼni O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi “Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 770-son qarori ishlab chiqildi.
Bugungi kunda yuqorida sanab o‘tilgan Qonun va qaror hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-fevraldagi «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyatini litsenziyalash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining «Industrial Innovation Group LLC» kompaniyasi o‘rtasida 2019-yil 20-mart kuni 181,9 mln yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga bitim imzolandi. Sirdaryo viloyatida tarkibida sellyuloza mavjud bo‘lgan ekinlar (kannabis (Cannabis sativa L.), zig‘ir (Linum usitatissimum L.) va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari)ni yetishtirish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi “Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 511-son qarori asosida Birlashgan Arab Amirliklarining «Industrial Innovation Group LLC» kompaniyasiga tegishli «RS Success Agro» masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun belgilangan tartibda 2019-yilda 5 ming gektar yer maydonini uzoq muddatli ijaraga berish hamda uni 5 yil davomida 25 ming gektarga yetkazish belgilab olindi.
Ekishdan to chuqur qayta ishlashgacha. “RS Success Agro” agroklasteri respublikamizda faoliyat yuritayotgan ilk lizensiat hisoblanib, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda.
Kompaniya tomonidan sanoatbop kannabis o‘simligini seleksiyasi va urug‘chiligidan tortib uni qayta ishlab, tayyor eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shilgan qiymat zanjiri to‘liq yaratilgan.
Bugungi kun holatiga agroklasterda jami 3 879 gektar yer maydonlari mavjud bo‘lib, 2022-yil hosili uchun 585 gektar maydonda kannabis, 100 gektar amarant, 60 gektar sorgo ekinlari ekib yetishtirdi. Qolgan maydonlarda tuproq unumdorligini oshirish maqsadida dukkakli ekinlar, kuzgi arpa va gorchitsa kabi ekinlar yetishtirilmoqda.
O‘zbekistondagi “RS Success Agro” zavodida ishlab chiqarilgan kannabis yog‘i uchun Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining xavfsizlik xulosasi, shuningdek Xitoy, AQSH, Shveysariya, Slovakiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya sertifikatlashtirish muassasalarining sifat va xavfsizlik sertifikatlari olingan. Ushbu mahsulotda tetragidrokannabinol moddasi mavjud emasligi alohida qayd etilgan.
Bugungi kun holatiga agroklaster tomonidan 226 ta doimiy va 66 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.
O‘zbekistonda ekilayotgan navlari. Litsenziat tomonidan kannabisning Fransiya va Rossiyada ishlab chiqarilgan tola va moy olishga mo‘ljallangan, urug‘liklari xalqaro talablarga javob beradigan pasportga ega “Fedora 17”, “Ferimon 12”, “Santhica 27”, “Rodnik” navlari ekib yetishtirilmoqda. Urug‘lik pasportlariga ko‘ra, qayd etilgan navlarda tetragidrokannabinol (TGK) moddasining miqdori 0,2 foizdan ortiq emasligi kafolatlangan.
Kannabis o‘simligi O‘zbekiston ilk yetishtirilayotgani tufayli hozirgi kunga qadar olib kelingan navlarning mahalliy tuproq va iqlim sharoitlariga moslashuvi, sho‘r va suvsizlikka chidamliligi bo‘yicha sinovlar davom etmoqda.
Zamonaviy laboratoriya. Korxona o‘zining to‘liq jihozlangan zamonaviy laboratoriyasiga ega bo‘lib, ushbu laboratoriyada o‘simlik yog‘larining sifatini, urug‘likning ekinboplik sifatlarini, omuxta yem mahsulotlarini sifatini va boshqa agrolaboratoriya tekshiruvlarini amalga oshirish imkoniyatlariga ega.
Shuningdek, laboratoriyada o‘simlik tarkibidagi tetragidrokannabinol (TGK) moddasining miqdorini tekshirish uchun zamonaviy “Agilent” xromato-mass-spektrometr uskunasi mavjud.
Kannabis o‘simligi tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi miqdorini minimallashtirish, navlarini respublika tuproq-sharoitlariga moslashtirish maqsadida agroklasterga qarashli 0,3 gektar yer maydonida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va Toshkent Davlat agrar universitetining Samarqand filiali bilan hamkorlikda loyiha amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish yuzasidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, AQSH, Italiya, Hindiston, Malta hamda Janubiy Koreyalik yirik investorlar bilan yaqindan hamkorlik alaqolari olib borilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: