O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti shu kungacha mamlakatimizdagi bir qancha fermer, dehqon, tomorqa yer egalari va klasterlar bilan hamkorlikda ishlab kelmoqda.
Jumladan “Anzur food agro” klasteri bilan o‘zaro hamkorlik asosida 2022-yil hosili uchun takroriy muddatda brokkoli karam ko‘chatlarini ekib, ilmiy asoslangan holda yetishtirib kelmoqda.
Yig‘ib olingan brokkoli mahsulotlarning asosiy qismi agroklasterda mavjud muzlatkichda muzlatib, eksport qilinmoqda.
Brokkoli karami. Ushbu karam turi bir yillik o‘simlik hisoblanib, uning vatani janubiy Italiyadir. Brokkolining karamli boshchasidan ozuqa sifatida foydalaniladi. Undan turli xil salatlar, suyuq taomlar, garnirlar tayyorlanadi. Uni qovurib, qaynatib, dimlab va parda tayyorlab isteʼmol qilinadi. Brokkolini marinadlash, muzlatish va konservalash mumkin.
Brokkolini yosh barglari ham oziq-ovqatda ishlatiladi va taʼmi hamda to‘yimliligi bo‘yicha ismaloqdan qolishmaydi.
Yetilish davri. Brokkoli bosh olgunga qadar 50-150 kunni, urug‘ olgunga qadar 200-400 kun mobaynida vegetatsiya davrini o‘taydi.
Ko‘chatsiz usulda o‘stirilgan brokkolining ildiz tizimi birinchi tartibli ildizga ega bo‘lib, unda o‘q ildiz to‘liq rivojlanadi. Ko‘chatli usulda esa ikkinchi va uchinchi tartibli bir qancha ildizlardan iborat bo‘lib, ularning rivojlanishi ko‘chatsiz usulga nisbatan kuchsizroq bo‘ladi.
O‘simlikning ildiz tizimi chuqurlikka va yon taraflarga 40-50 sm gacha o‘sadi, biroq uning asosiy qismi tuproqning yuqori 25 sm qatlamida joylashadi. Poyasi asosiy shox 70-100 sm balandlikka yetib, to‘pgullarni shakllantirish bilan tugaydi.
Asosiy poyaning barg qo‘ltiqlaridan yon tomonlarga etli novdalar tarqaladi. Barglari yirik, bandli, chetlari tekis bo‘lib atroflari bo‘ylab to‘lqinsimon bukilgan.
Barg plastinkasi ayrisimon shaklda bo‘lib, unda oq yashil tomirlari bor, mum g‘ubor bilan qoplangan. Uning gullari gulkaramning gullariga nisbatan yirik. Urug‘lari gulkaram urug‘lariga nisbatan bir muncha mayda, to‘q jigarrang va jigarrang, qora ranglarda bo‘ladi.
Sovuqqa bardoshli. Brokkoli sovuqqa bardosh beradigan sabzavotlar sinfiga kiradi. Uning o‘sishi va rivojlanishi uchun moʻtadil havo harorati 16-25 daraja hisoblanadi.
O‘simlik qisqa muddatda -7-10 daraja haroratga chidamli hisoblanadi. Agar havo harorati +25 darajadan oshib ketsa, hosil ranglari xiralashishga va mahsulotning sifat ko‘rsatkichini pasayishiga olib keladi.
Brokkoli ekinini yetilish davri hamda undan olinadigan hosildorlik uning naviga bog‘liq. Undan o‘rtacha hosildorlik gektaridan 15-20 tonnani tashkil etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: