O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushez xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv avvalida Aziz Voitov elchini O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan samimiy qutladi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining Fransiya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat suvereniteti vazirligi hamda boshqa ixtisoslashtirilgan kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi.
So‘ng Aziz Voitov eksportni faollashtirish borasidagi o‘z takliflarini bildirdi. Xususan, vazir tomonidan O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarni yetishtirish hamda ularni Fransiya ва boshqa mamlakatlarga eksport qilish fikri ilgari surildi. 2021- yilda mamlakatimizdan Fransiyaga 1,6 mln AQSH dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti amalga oshirilganligi maʼlumot sifatida keltirildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish salohiyatini oshirishga, Fransiya tomoni esa o‘z navbatida qayta ishlangan tovarlarni (kungaboqar yog‘i, ketchup va hokazo) yetkazib berishga tayyor ekanligi aytildi.
Maʼlumki, Fransiya davlati meva-sabzavotlarni qayta ishlash, sut, pishloq, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridagi yirik kompaniyalari bilan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishda istiqbolli hamkor hisoblanadi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Fransiyaning sut va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetakchi “Danon” va “Laktalis” kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatgan. Kelgusida bu borada ikki tomonlama tashriflarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Muloqot chog‘ida ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlik masalalariga ham urg‘u berildi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Fransiyaning INRAE (Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va atrof-muhit ilmiy-tadqiqot instituti), CIRAD (Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tadqiqot markazi), “Bordo” va Veterinariya institutlari bilan birgalikda ish olib borilmoqda. Bundan tashqari agrar taʼlim sohasida ham aloqalarni kuchaytirish nazarda tutilgan. Toshkent davlat agrar universitetining yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish dasturlarida ishtirok etish mo‘ljallanmoqda.
Uchrashuv so‘ngida Aziz Voitov Elchi Oreliya Bushezga konstruktiv va mazmunli muloqot uchun minnatdorchilik bildirar ekan, uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish borasida quyidagi takliflarni bildirib o‘tdi: “Biz uzumchilik sohasini rivojlantirish borasidagi tajribangizni o‘rganmoqchimiz, chunki O‘zbekistonning vino eksportidagi ko‘rsatkichlari hali katta bo‘lmasada, lekin salmoqli miqdorda uzum eksport qilmoqda. Mamlakatimizda fransuz uzum navlarini yetishtirish uchun “in-vitro” ko‘chatlarini import qilish tamoyili asosida ishlashni taklif qilamiz”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: