O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida “Agroklasterlar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha” Yaponiyaning JICA tashkiloti mutaxassislari va kunchiqar mamlakatning Xokkaydo prefekturasida faoliyat olib boruvchi “Shimoliy ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish markazi jamgʼarmasi” rahbari hamda mas’ullari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Tadbirda vazirlikning Agrar tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Otajon Tashpulatov, Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Otajon Pirmonov, Agrar tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdug‘ani Akramov, Xalqaro aloqalar boshqarmasi yetakchi mitaxassisi Abduqodir Alimov va boshqa vakillar ishtirok etishdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari tomonidan mamlakatimizdagi agroklasterlar faoliyati bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida hozirda 800 dan ortiq agroklasterlar mavjud. Respublikada jami 4 mln gektar suvli maydonlar bor bo‘lsa, ular shundan 2,4 mln gektar yer maydonida fermerlar bilan shartnomaviy munosabatlarda faoliyat yuritmoqda. Paxta to‘qimachilik sohasida 134 ta, g‘allachilikda 200 ga yaqin, meva-sabzavotchilikda 249 ta, sholichilikda 41 ta, dorivor o‘simliklar bo‘yicha 9 ta va boshqa yo‘nalishlarda 200 dan ortiq klasterlar tashkil etilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Agar 134 ta paxta klasterlarining faolyatiga nazar tashlasak, ularning 16 tasida bir bosqichli qayta ishlash quvvatlari, 36 tasida ikki bosqichli, 31 tasida uchta bosqichli, 22 tasida to‘rtta bosqichli va 17 tasida barcha siklni qamrab oluvchi qayta ishlash jarayonlari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili ushbu agroklasterlarning investitsion salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash ishlarini amalga oshirmoqda. Bu borada bugungi kunda 393 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning natijasida 10 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Hududlar ixtisoslashmoqda. Agroklasterlarning faoliyatini tahlil etishda har bir jarayonni eʼtiborda tutish lozim. Mahsulot yetishtirishdagi muammolardan boshlab, qayta ishlash, yetkazib berish, sotishdagi har bir jarayon tahlil qilinib, bu borada qanday muammolar borligini aniqlagan holda unga oid yengilliklar, yordamlar bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha tahlil olib boriladi. Bu tahlil har yili Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari tomonidan o‘tkaziladi. Tadbirda aynan 3 yil oldingi Samarqand tumanidagi holat bilan bugungisi taqqoslandi. Oldin bu yerda juda kichik hajmdagi fermer xo‘jaliklari bor edi. Hozirda ular klasterlar bilan tuzgan shartnomasidan kelib chiqib, sohaviy birlashgan. Natijada hududda juda ko‘pchilik fermer xo‘jaliklari bir xil mahsulot yetishtirishga ixtisoslashmoqda.
Mamlakatimizda kooperativlar sohasida ham juda ko‘p ishlarni amalga oshirish lozim. Shu bois ham ushbu ishlarning amaliyoti va poydevori sifatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) bilan birgalikda “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishda xalqaro umumeʼtirof etilgan tamoyillarga asoslanilmoqda.
Takliflar bildirildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vakillari JICA tashkiloti bilan klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi manfaatni kuchaytiradigan, agroklasterlarning faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida taklif bildirishdi.
Ushbu sohadagi muammolarni tahlil qilish, ularning faoliyatini kengaytirish, ularga yordam berish nuqtai nazaridan JICA tashkilotidan ekspert jalb etish masalasi ham takliflardan o‘rin oldi.
Klaster va shu sohaga aloqador mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha ham JICA tashkilotining ko‘magiga tayanilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, 2023-2025-yillarda O‘zbekiston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi 2,5 mlrd dollar qiymatiga ega yangi 1300 ga yaqin loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Ushbu loyihalarni kreditlash bo‘yicha ham takliflar bilan chiqilmoqda.
Tadbir yakunida klasterlarda xizmat ko‘rsatish markazlari yaʼni konsalting xizmatlarini kuchaytiradigan, ularga maslahat va tavsiyalar beradigan xususiy sektor vakillaridan murabbiylar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish borasida ham taklif bildirildi.
“Ushbu kunchiqar mamlakatda Ikkinchi Jahon urushidan keyin qishloq xo‘jaligida ham klaster va kooperativlar juda tez rivojlangan. Deyarli barcha rivojlangan sohalarda soha vakillari o‘zaro hamkorlikda ish bajaradi. Shuning uchun ham bu tizimlar ularda ancha faol. Ushbu mamlakatda 36 mingga yaqin kooperativlar bor. Kichik kooperativlar bir hududda, undan keyin ularning uyushmalari, assotsiatsiyalari rivojlangan. Bunday kooperativlar o‘zlarining xizmat ko‘rsatish sohalariga, portlariga, katta savdo tarmoqlariga ega. Xuddi shuningdek, klasterlar faoliyatida ham ular ancha ilg‘or. Biz ulardagi mana shu rivojlanishga havas qilib, ular kabi bo‘lishni va tajribalarni o‘zimizda ham qo‘llashni maqsad qildik va bu borada hamkorlik qilish takliflari bilan chiqmoqdamiz”, — dedi Agrar tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Otajon Tashpulatov.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: