2022-yilning 7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov videokonferensaloqa ko‘rinishida Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Bolorchuluun Khayangaa bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv mavzusi — ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini faollashtirish va chuqurlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Kun tartibiga qo‘yilgan masalalardan oliy darajadagi kelishuvlar, qo‘shma chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda go‘shtni qayta ishlash korxonalarini yaratish va boshqalar muhokama qilindi.
“Biz savdo aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat beramiz. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish 2,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 3 mln AQSH dollariga yetdi. Biz Mo‘g‘ulistondan go‘sht importi hajmini oshirishdan manfaatdormiz va O‘zbekiston meva-sabzavotlari, xususan, uzum, qovun, karam, o‘rik, shuningdek, qandolatchilik va non mahsulotlari, vinolar kabi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hajmini ko‘paytirishni taklif qilamiz”, – dedi Aziz Voitov.
Shuningdek, vazirlar Mo‘g‘ulistonda naslli chorvachilik bo‘yicha qo‘shma fermer xo‘jaliklari tashkil etish va keyinchalik go‘shtni O‘zbekistonga eksport qilish hamda respublikada qo‘shma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: