Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Zarbdor 40 kunlik” munosabati bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlari tomonidan daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi asosida amalga oshirilmoqda.
1-20-noyabr kunlari davomida vazirlik tizimidagi 30 dan ortiq tizim tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, hududiy va tuman bo‘linmalari tomonidan 250 mingdan ortiq ko‘chatlarni ekish belgilangan.
Bugungi kunga qadar (11-noyabr holatiga ko‘ra), 26 mingdan ortiq (8,8 ming dona manzarali va 17,2 ming dona mevali daraxtlar) ko‘chatlar ekildi.
Xususan, bugun 11-noyabr kuni vazirlik tizimidagi “O‘zdavyerloyiha” DILI Toshkent viloyati bo‘linmasi Bekobod tumani “O‘quv-tajriba” xo‘jaligida 10 ta pavlovniya va 50 ta terak, Samarqand viloyati bo‘linmasi Payariq tumani Bahor mahallasida 240 ta tut ko‘chati, Sirdaryo viloyati bo‘linmasi Xovos tumani Paxtakor massivida 30 ta terak, Buxoro viloyati bo‘linmasi Peshku tumani Y.Ergashev massivida 15 ta mevali va 35 ta archa ko‘chatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tomonidan 1054 ta ko‘chatlar o‘tqazildi. Namangan viloyati Agroxizmatlar markazi mutaxassislari ham Yangi Namangan shaharchasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da daraxt ekish jarayonida qatnashishdi.
Mamlakatimizdagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan joriy yil kuz oylarida 6 ming gektar mevali bog‘ va 28 ming gektar tokzorlar barpo etilib, buning uchun 4,4 mln dona mevali ko‘chatlar va 31,5 mln dona tok ko‘chatlari ekilishi kutilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyati Quva tumanida 4,5 mln dona hamda Toshkent viloyati Parkent tumanida 1,5 mln dona yillik quvvatiga ega “in-vitro” laboratoriyasi tashkil etiladi. Hududlarda yo‘l va dala chetlariga ekilgan ko‘chatlarning kuzgi-qishki agrotexnik ishlari amalga oshiriladi.
Taʼkidlash kerak, belgilangan maydonlarga mevali, manzarali va uzum ko‘chatlarini har bir hududning tuproq-iqlim, suv taʼminotidan kelib chiqib ekish va agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha seminarlar tashkil etilib, tavsiyalar va takliflar berilmoqda.
Shuningdek, noyob, yo‘qolib borayotgan mahalliy meva va uzum navlari ko‘chatlarini yetishtirish maqsadida akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITIning Qarshi tumanidagi stansiyasida 5 gektar maydonda yiliga 500 ming dona sertifikatlangan ko‘chat yetishtirish bo‘yicha “Ekoko‘chatxona” tashkil etildi. Institutdagi “In-vitro” laboratoriyasi va uning tajriba xo‘jaliklarida mevali, manzarali va uzum ko‘chatlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi.
2023-yilda esa fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 36 ming gektar mevali bog‘lar barpo etilib, buning uchun 22 mln dona mevali ko‘chatlari yetkazib berilishi belgilab qo‘yilgan.
Hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, yangi intensiv bog‘lar yaratish va joylarni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida respublikadagi mavjud 10 ta “In-vitro” laboratoriyasi va 102 ta ko‘chatchilik xo‘jaliklarida 40 mln dona virussiz sertifikatlangan ko‘chatlar yetishtirilmoqda.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 12,2 ming gektar dala chetiga 49,0 mln dona tut va 7,1 mln dona tok ko‘chatlarini ekish yuzasidan har bir tuman va fermer xo‘jaliklari kesimida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Joriy yilning 11-noyabr holatiga ko‘ra, 2,5 ming gektarga (rejaga nisbatan 17,5%) dala chetlariga 8,2 mln dona tut va tok ko‘chatlari ekildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan mevali, manzarali va buta ko‘chatlarini parvarishlash bo‘yicha hududlarga malakali olim va mutaxassislar biriktirilgan hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berib borilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: