Shu kunlarda mamlakatimizning qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga mezbonlik qilmoqda. 10-noyabr kuni ushbu sammit doirasida O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forumda qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, boshqa vazirliklar, banklar, qo‘mitalar, agentliklar, uyushmalar, ilmiy-tadqiqot instituti, markazlarning tegishli mutasaddi xodimlari, mahalliy tadbirkorlar, Vengriya tomonidan esa, tashqi savdo va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto, iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Bixari Katalin hamda bir qator kompaniya direktorlari va vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu biznes-forumga qadar joriy yilning 1-4-noyabr kunlari vengriyalik kompaniya vakillari bilan videokonferensaloqa formatida bir nechta uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olingan edi.
“Avvalo, shuni taʼkidlash kerak, bugungi kunda, Vengriya bilan ko‘p qirrali munosabatlarimiz jadal rivojlanib, keng hamkorligimiz amaliy tus olmoqda. Shu munosabat bilan ushbu davlat tadbirkorlari delegatsiyasining tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Ushbu biznes-forum ikki tomon biznes vakillari uchun har tomonlama foydali hamda manfaatli bo‘ladi.
O‘zbekistonning agrar salohiyati haqida to‘xtalsak, respublikada qishloq xo‘jaligi sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Xususan, hozirda yalpi ichki mahsulotning 26,9 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston yiliga 25,7 mln tonna qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiradi. Shundan, 1,3 mlrd dollar qiymatidagi agromahsulot eksporti amalga oshirilmoqda.
Xorijiy investorlar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha subsidiyalar, infratuzilma taʼminotidagi chegirmalar, imtiyozli kreditlar va qishloq xo‘jaligidagi kichik tarmoqlar uchun bir qator yengilliklar tatbiq qilingan.
Shuningdek, innovatsion texnologiyalar va resurs tejamkor uskunalarni tatbiq etishda, import o‘rnini bosuvchi va eksportbob mahsulotlarni yetishtirishda, hamda yangi ekin yer maydonlarini o‘zlashtirishda bir qator keng ko‘lamli imtiyozlar mavjud”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov o‘z chiqishida.
O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma biznes forumi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar 60 dan ortiq venger kompaniyalari vakillari bilan “B2B” va “G2B” shaklidagi muzokaralarni o‘tkazishdi. Ta’kidlash joiz, ushbu kompaniyalar orasida aynan agrar sohaga investitsiya kiritish va hamkorlik qilish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Bu esa ularning aksariyat qismi qishloq xo‘jaligi sohasida o‘z tajribasiga ega ekanligidan dalolatdir. Ikki tomonlama muzokaralar natijasida investitsiyaviy va savdo kelishuvlari imzolandi.
Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Vengriyaning “Bonafarm” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonda parrandachilik majmuasini yaratish loyihasining iqtisodiy qismini aniqlash maqsadida Vengriya tomoni dastlabki bosqichda bozor imkoniyatlarini baholash, yirik savdo markazlariga tashrif buyurish, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talab va iste’mol, ishlab chiqarish hajmlari, jumladan, ozuqa bazasini o‘rganishni maqsad qilgan.
O‘z navbatida Vengriya tomoniga infratuzilmani rivojlantirish holati, salohiyatli ishlab chiqarish maydonlari, ularning parametrlari va O‘zbekiston tomonidagi hamkorlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Vengriya qo‘shma biznes forumi doirasida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida loyihani amalga oshirish boʻyicha aniq shartlar belgilanib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: