2022-yil 1-noyabr kuni Toshkent shahrida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha strategiya loyihasi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining chora-tadbirlar rejasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘limi mutaxassislari ishtirokida hujjat tayyorlangan.
Ushbu reja loyiha doirasida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Hujjatni tayyorlashda ayollarning yer, sanoat va tabiiy resurslarga egalik qilish va tasarruf etish, shuningdek moliyaviy xizmatlar va ixtisoslashtirilgan bilimlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Unga ko‘ra, FAO O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va mamlakat agrosanoat kompleksiga aloqador boshqa tashkilotlarga ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning, birinchi navbatda, qishloq ayollarining manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan xolda tegishli siyosat va yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish salohiyatini mustahkamlashda texnik yordam ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” gi qonunni qabul qilgan edi. O‘z navbatida, ushbu qonun iqtisodiyotning har bir sohasida, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida gender masalalarini hisobga oluvchi strategiya va tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qiladi. O‘zbekistonda aholining deyarli yarmi qishloqlarda yashaydi, bu esa qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini yana-da kengaytirishni dolzarb masalaga aylantiradi.
Gender tengligi 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibining asosiy masalasi hisoblanadi.
Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mamlakatlarga 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni monitoring qilishda ko‘maklashadi. BMT tizimida FAO Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish uchun 21 ta ko‘rsatkich, shu jumladan, 5-maqsadga (Gender tengligini taʼminlash va barcha ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish) erishish ko‘rsatkichlarini muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaradi.
Tadbir davomida strategiyaning mazmun-mohiyati, shuningdek, uni amalga oshirishning keyingi bosqichlari va tomonlarning majburiyatlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: