Bugun Xalqaro Qishloq Xo‘jaligi universitetida Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik litseyi o‘quvchilari uchun “Pre-foundation” kurslari haqida tanishtiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 180 nafarga yaqin o‘quvchilar va ustozlar ishtirok etishdi.
Ushbu kurslar nima maqsada o‘tkazildi? Aslida, har bir oliygoh o‘zining sifatli taʼlim tizimini va talabalarning bilimli hamda sohaning haqiqiy mutaxassislari bo‘lishini taʼminlash maqsadida mana shunday o‘quv kurslari tashkil etadi. Bu o‘quv kurslari ham Xalqaro Qishloq xo‘jaligi universitetiga kirish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga mo‘ljallangan. Kursda o‘qish davomida ishtirokchilar ingliz tilini puxta o‘zlashtirishi, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin. Shuningdek, ushbu kurs ularning tayyorgarlik yilidagi o‘quv faoliyatini yaxshilash uchun ingliz tilidagi akademik bilimlarini oshirishga qaratilgan.
O‘quvchilar o‘qish, yozish, tinglash va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali bir vaqtning o‘zida ingliz oliy ta‘limi, agrobiznes lug‘ati va madaniy sharoitlar doirasida akademik ingliz tili me‘yorlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Kursning afzalliklari. Ushbu o‘quv kurslarining afzalliklari shundaki, ishtirokchilar chet ellik professor o‘qituvchilardan taʼlim olishadi va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetiga kirish uchun kafolatlangan grant sohibiga aylanishadi. Darvoqe, bu yerda darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar ham o‘tish imkoniyati mavjud. Seminarlar, ma‘ruzalar va boshqa bir qancha mashg‘ulotlarga asoslangan ingliz tili kursi haftada 3 marta 90 daqiqadan etib belgilangan.
Tadbirda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga universitetning professor-o‘qituvchilari va xodimlardan batafsil javoblar olishdi, shu bilan birgalikda, universitetda yaratilgan shart-sharoitlar va dars jarayonlarini kuzatishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: