2022-yil 24-oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv ko‘rinishidagi anʼanaviy o‘tkazilib kelinadigan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda IFAD hamda Ozbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan mamlakat yangi strategik dasturi” (COSOP), shuningdek, O‘zbekistonda IFADning rasmiy vakolatxonasini ochish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda IFADning O‘zbekistondagi mamlakat direktori Fidi Radjaonson, jamg‘arma vitse prezidenti Donal Braun, ushbu tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ko‘p mamlakatli vakolatxonasi rahbari Bernard Xen, IFADning Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Sharqiy Yeropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy bo‘limi direktori Dina Salex xonim, IFAD hamkorligi bo‘yicha direktor Maks von Bonsdorf, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisod, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Shukurov hamda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu yig‘ilishni o‘tkazishdan asosiy maqsad oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji yo‘lida moslashuvchan investitsiyalar uchun asosiy tarkibiy cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va pirovardida donorlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish uchun takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
Yig‘ilish avvalida IFADning “O‘zbekistonda 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan mamlakat yangi strategik dasturi” (COSOP) taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ushbu strategiya loyihasining muhokamasi o‘tkazildi.
“Hududlarda IFAD loyihalarini amalga oshirish natijasida 5 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratildi, 100 mingdan ortiq benefisiar turli imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ta’kidlash kerak, nufuzli xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va samaradorligi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi islohotchi davlatlarning “20 taligi”ga kirdi. O‘zbekistonda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamonamizning global muammolariga javob beradigan agrar va oziq-ovqat tizimiga samarali o‘tishning muhim omiliga aylanmoqda.
Keyingi 5 yil davomida biz dehqon va fermerlar daromadlarini kamida ikki baravar oshirish, 2026-yil oxirigacha qishloq xo‘jaligining barqaror o‘sishini ta’minlashni maqsad qilganmiz.
Biz Toshkentda IFAD ning vakolatxonasi ochilishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Ishonchim komilki, IFADning ishlab chiqilayotgan 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan strategik imkoniyatlar mamlakat dasturi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Uning negizida mujassam bo‘lgan yo‘nalishlar davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 10 yillik “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi”ni amalga oshirish natijalarini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Uning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, raqobatbardoshlikni oshirish, agrotarmoqqa bozor mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirishdan iborat”, – deya ta’kidlab o‘tdi o‘z chiqishida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.
Yig‘ilish diqqat-markazida O‘zbekistonda IFADning rasmiy vakolatxonasini ochish masalasi ham bo‘ldi. Muhokamalar faol savol-javob tarzida davom etdi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus intervyular ham tashkil etildi. Tadbirda transformatsiya jarayonlari aslida milliy darajada boshlanishi, shu munosabat bilan har bir davlat o‘z milliy rivojlanish bosqichlarini ishlab chiqishi zarurligi taʼkidlandi.
IFAD — Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro va ixtisoslashtirilgan moliyaviy tashkiloti bo‘lib, qarorgohi BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasi markazi bo‘lgan Rim shahrida joylashgan. IFAD asosan qishloq aholisining loyihalariga investitsiya kiritadi. Shu orqali kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ovqatlanishni yaxshilash va barqarorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi. Tashkilot 1978-yildan beri 23,2 milliard AQSH dollari qiymatidagi past foizli kreditlar va grantlarni ajratgan va dunyo bo‘yicha tahminan 518 million odamni qamrab olgan.
IFAD rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish va aholining zaif qatlami orasida ovqatlanish darajasini yaxshilash uchun moliyaviy manbalarni jalb etadi. Jamg‘arma oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish tizimini yaratish yoki takomillashtirish, shuningdek, tegishli rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan loyiha va dasturlarni moliyalashtiradi.
2011-yil 19-20-fevral kunlari Rimda bo‘lib o‘tgan IFAD Boshqaruvchilar kengashining 34-sessiyasida O‘zbekiston rasman tashkilotning to‘laqonli aʼzosiga aylangan.
O‘zbekistonda IFAD kreditlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi kichik korxonalardan iborat ishlab chiqarish tizimlarini kengaytirish hisobiga qishloq aholisi daromadlarining barqaror o‘sishini taʼminlashga qaratilgan.
2017-yili jamg‘armaning Ijroiya kengashi “O‘zbekistonda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan mamlakat yangi strategik dasturi”ni tasdiqladi. Ushbu dastur qishloq xo‘jaligi tizimlarining yuqori qo‘shilgan qiymatidan foydalanish uchun qishloq aholisining salohiyati va imkoniyatlarini oshirish, kichik fermer xo‘jaliklarining bozordagi ishtirokini taʼminlash maqsadida ularning ishlab chiqarish aktivlari va raqobatbardoshligini ko‘paytirish kabi vazifalarga qaratilgan.
Taʼkidlash kerak, IFAD O‘zbekistonda bog‘dorchilik va sut sanoati sohalariga kreditlar ajratgan birinchi xalqaro moliya institutlaridan biri hisoblanadi. Ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2020-yilda O‘zbekiston Prezidentining 15.12.2020-yildagi PQ-4922-son “O‘zbekiston respublikasining BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida IFAD bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: