2022-yil 23-oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning (HK) yig‘ilishida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi hamda qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, 2022-2024-yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ham raislik qildi.
HK ishida O‘zbekiston va Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari: O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin, O‘zR oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, O‘zR bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov, RF iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvach, RF moliya vaziri o‘rinbosari Mixail Kotyukov, RF sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Tatyana Semenova, RF madaniyat vaziri o‘rinbosari Nadejda Prepodobnaya, raqamli rivojlanish, aloqa va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Dmitriy Oguryayev ishtirok etdi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksalib bormoqda va bu ijobiy o‘zgarishlar Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash statistik ma’lumotlarida ham o‘z aksini topmoqda, uning o‘sishi 37 foizni tashkil etib ulgurdi. Yil oxirigacha taxminan 8,5 mlrd dollarga yetishini kutmoqdamiz. Investitsion hamkorlik ham faollashmoqda – Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy investorlaridan biri hisoblanadi. Kompaniyalarimizning kapital qo‘yilmalari hajmi (ularning soni 2 mingdan ziyod) allaqachon 10 mlrd dollardan oshdi. Ular iqtisodiyotning aksariyat asosiy sohalariga – neft-gaz va energetika, telekommunikatsiyalar, agrosanoat kompleksi va sanoatning bir qator tarmoqlariga ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari, Rossiya sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov.
Oziq-ovqat ta’minoti masalalarini muhokama qilar ekan, tomonlar logistika yo‘laklarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Temir yo‘l tarmog‘i orqali oziq-ovqat yetkazib berish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan, yaqinda ishga tushirilgan “Agroekspress” qo‘shma loyihasining roli qayd etib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, u “yashil” transport yo‘lagi tamoyili asosida ishlamoqda, bunda nazorat qiluvchi organlarning o‘zaro aloqasi ortiqcha sustkashliklarsiz onlayn rejimda amalga oshiriladi.
HK doirasida O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va RF qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi” bilan almashdilar.
Hujjatga ko‘ra, 2022-2024-yillarni qamrab olgan davrda har ikki tomon manfaatdor tashkilot va korxonalar ishtirokida investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, agrar ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish shuningdek, baliqchilik va parrandachilik sohalarida qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Shu tariqa, Rossiya va O‘zbekistonda ulgurji tarqatish markazlarini barpo etish va faoliyatini tashkil qilish, Jizzax viloyati hududida Agrologistika majmuasini tashkil etish va foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining fitosanitariya nazorat punktini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Raqamlashtirish sohasida agrosanoat majmui muammolarini hal qilish uchun masofaviy zondlash texnologiyasi bo‘yicha Rossiya tajribasidan foydalanish, shuningdek, umuman olganda, hamkorlikni faollashtirish va O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning qoshidagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” DM negizida Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrosanoat majmui sohasida raqamli transformatsiya markazi” FDBM bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
2022-2024-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da Rossiya Federatsiyasining agrar universitetlari bilan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik mobillik va xalqaro akademik almashinuv sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan. Tomonlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish, parrandachilik sohasida o‘zbek mutaxassislarining malakasini oshirish uchun o‘quv kurslarini tashkil etishni mo‘ljallamoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: