Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda. Tashrif avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan tor doirada muzokara o‘tkazdi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi. Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida katta natijalar bo‘lgani taʼkidlandi. Bugungi kunda oliy darajada erishilgan kelishuvlar “yo‘l xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi.
Transport sohasi – hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri. Davlat rahbarlari “Sharq – G‘arb” va “Shimol – Janub” yo‘nalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.
Mamlakatlarimiz suv sohasida yuksak darajada hamkorlik qilayotgani qayd etildi. Toshkentda imzolangan Amudaryo bo‘yicha bitimni keng ko‘lamda amalga oshirmoqdalar.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Ustuvor yo‘nalishlar orasida – hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, taʼlim, sanʼat, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Oliy darajadagi muzokaralar doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar, shu jumladan:
Shuningdek, elektr eneregetikasi, bojxona ishi, veterinariya va chorvachilik, kinematografiya va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Davlatlarimizning xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan pozitsiyalari mushtarak ekani qayd etildi.
BMT, YEXHT, MDH, SHHT, TDT, OQXF va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettirilishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afg‘onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldilar.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlarni imzolash doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Turkmaniston qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Allanur Altiyev o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolanishi borasida batafsilroq to’xtalib o’tish joiz.
Hujjatda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2022-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar bo‘yicha yo‘l xaritasi ko‘zda tutilgan.
Shu tariqa, paxtachilik sohasida o‘rta va ingichka tolali paxtaning yangi serhosil, qurg‘oqchilikka va sho‘rga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikning qo‘shma dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
“Yo‘l xaritasi”da ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasini rivojlantirish va tajriba almashishga katta e’tibor qaratilgan. Bu yerda quyidagi masalalar ko‘rsatib o‘tilgan: ikki davlatning irrigatsiya tizimlarini takomillashtirish va suvni tejovchi resurslarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashish; O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Turkmanistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Turkmanistonning 200 nafar fermer va mutaxassislari uchun ta’lim dasturlarini tashkil etib, respublikamizning zamonaviy fermer xo‘jaliklariga amaliy ekskursiyalar o‘tkazish; Ikki davlat hududlarida tajriba plantatsiyalarini yaratish uchun urug‘lik jo‘natish va birgalikda kuzatishlar olib borishni ko‘zda tutuvchi yuqori hosildor bug‘doy navlarini yetishtirish bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, pomidor yetishtirish borasida tajriba almashish, Turkmanistondan olib kelingan yuqori mahsuldor pomidor urug‘larini O‘zbekiston Respublikasi hududida yetishtirishni tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish.
Klaster tizimini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda chegara hududlarida qo‘shma qishloq xo‘jaligi klasterlari va issiqxona majmualarini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ipakchilik bo‘yicha qo‘shma klaster yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan;
Eksport masalasida yangi eksport-import kanallarini shakllantirish, transport koridorlarini, jumladan, “Shimol-Janub” xalqaro transport koridori doirasida rivojlantirish, shuningdek, “Turkmenistan Agroekspress” logistika loyihasiga qo‘shilish jarayonini tezlashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yangi logistika yo‘nalishlarida tashishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”da chegara hududlarida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalangan holda intensiv bog‘lar yaratish masalasini o‘rganishga oid band ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning izchil kengayishi va taraqqiy etishi O‘zbekiston-Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkamlanishiga olib keladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: