Bugun agrar sohada zamonaviy texnologiyalar orqali erishilayotgan natijalar bisyor. Ayniqsa, mobil laboratoriyalar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘pchilik dehqonu fermerlar, klasterlarning og‘irini yengil qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan hududlarda fermer xo‘jaliklari, klasterlar va tomorqa yer egalariga tezkor tuproq xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyasi 2021-yilda tashkil etilgan.
Ushbu innovatsion mobil laboratoriya bevosita hududlarda dalaning o‘zida tuproqning gumus, harakatchan azot, fosfor va almashinuvchi kaliy bilan ta‘minlanishi, sho‘rlanish, tuproq muhiti -pH va boshqa tuproq xossalarini aniqlash bo‘yicha tezkor xizmatlar ko‘rsatadi.
E’tiborlisi, tuproq xususiyatlari joyning o‘zida institut olimlari tomonidan tahlil qilinadi. Tahlil natijalari asosida yer egalariga kerakli tavsiyalar beriladi.
Laboratoriya mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Turkiston Obi Rahmat Servis” SIU hududida joylashgan «Qibray chandler yong‘oq bog’lari” fermer xo‘jaligi rahbari Ubaydulla Ne‘matovning murojaati bilan xo‘jalik shartnomasi tuzilib, tezkor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Tekshiruvlarda fermerning 684, 689, 690 konturlaridagi 100 gektar sug‘oriladigan yerlarining holati o‘rganildi, tegishli tuproq tahlillari o‘tkazilib, ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi.
Bu yo‘nalishdagi ishlar respublikamizning boshqa hududlardagi fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar va tomorqa yer egalari yerlarida ham davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan beri 100 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilarga tezkor tuproq xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 327-son “Uzumchilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaliklarini yurituvchi va vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sub’yektlarni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, so‘nggi ikki oy davomida, 30 dan ortiq bog‘dorchilik va uzumchilik fermer xo‘jaliklarining yangi intensiv bog‘, tokzor va issiqxona yer maydonlarida tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, tuproqning holati va unumdorligi to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etib kelinmoqda.
Institutning mintaqaviy bo‘linmalari – Andijon viloyat mintaqaviy bo‘linmasi Baliqchi tumanida, Qashqadaryo va Xorazm mintaqaviy bo‘linmalari Navoiy viloyatining Xatirchi va Karmana
tumanlarida ham ishlar qizg‘in.
Shuni taʼkidlash joiz, Institut vakillari tomonidan respublikamizdagi Bog‘dorchilik va uzumchilik fermer xo‘jaliklariga:
– 2021-yilda: 10 ta
– 2022-yilning yanvar-iyun oylarida: 5 ta
– 2022-yilning iyul-oktyabr oylarida: 30 ta shartnomalar asosida ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: