2022-yil 14-15-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) ko‘magida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Yirik ilmiy forum har yili 16-oktyabr, FAO tashkil topgan sanada nishonlanadigan Butunjahon oziq-ovqat kuniga bag‘ishlandi. Ushbu sana global hamjamiyatni oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va dunyodagi ochlikni yo‘q qilish uchun birgalikda ishlashga va barcha uchun yaxshiroq, barqaror kelajakni yaratishga chaqiradi.
Har yili dunyoning turli mamlakatlarida Butunjahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan turli tadbirlar – oziq-ovqat yarmarkalari, ko‘rgazmalar, turli tanlovlar, festivallar, ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlarlarning maqsadi ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik kabi global muammolarni hal qilish uchun nima qilinganligi va qilinishi kerakligi haqida fikr yuritish maqsadida keng jamoatchilikning oziq-ovqat xavfsizligi holati to‘g‘risida xabardorligini oshirishdan iboratdir.
Samarqandda Butunjahon oziq-ovqat kuni sharafiga xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish allaqachon yaxshi anʼanaga aylangan. Har yili forumda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun olimlar, professorlar, xalqaro tashkilotlar va dunyoning yetakchi taʼlim muassasalari vakillari to‘planadi.
Bu yilgi anjumanda Germaniya, Qozog‘iston, Pokiston, Rossiya, AQSH va Tojikistondan 30 nafar soha vakillari, shuningdek, 240 dan ortiq mahalliy mutaxassis va olimlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokamalar bilan kechgan maʼruzalar va taqdimotlar qilindi, ko‘plab qiziqarli g‘oya va fikrlar bildirildi, yorqin faktlar va ilmiy izlanishlarning yangi natijalari taqdim etildi. Jumladan, Vashington universiteti professori Tomas Lampkin (AQSH) “Iqlim o‘zgarishi va agroekotizimlarning mahsuldorligi” mavzusida, Qaid-i Azam Universiteti professori Muhammad Zafar (Pokiston) “Yovvoyi mevalarning parhez birikmalarini tahlil qilish va ularning oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligiga qo‘shgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi. O‘z navbatida, Sankt-Peterburg biotexnologiya va oziq-ovqat ishlab chiqarish Oliy maktabi direktori Yuliya Bazarnova (Rossiya) “Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangi taʼlim texnologiyalari” haqida gapirdi.
Konferensiya quyidagi bo‘limlarda ish olib bordi: “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston va jahonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash Konsepsiyasini amalga oshirishning muhim masalalari va muammolari”, “Noqulay mintaqalarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari”, “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy bio- va agrotexnologiyalardan foydalanishning ahamiyati”, “Ovqatlanish sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar” va “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasi”.
Shuningdek, anjuman doirasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universitetining bakalavriat va magistratura talabalari o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi eng yaxshi innovatsion tadqiqot ishlari uchun tanlov o‘tkazildi. Anjuman yakunida g‘oliblar aniqlanib taqdirlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: