O‘tgan hafta yakunida qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov vazirlik huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi Axborot-maslahat markazi va “AgroVitroClone” kichik innovatsion korxonasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ushbu muassasalar faoliyati o‘rganilib, taklif va mulohazalar tinglandi, zarur topshiriqlar berildi.
Aziz Voitov o‘rganish ishlarini dastlab Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligidan boshladi. Agentlik mutasaddi rahbarlari va xodimlarining tashkilot faoliyatiga doir o‘tkazgan taqdimotlari va bergan hisobotlaridan so‘ng uchrashuv faol savol-javob tarzida davom etdi.
Yig‘ilish mobaynida Agentlikning Toshkent davlat agrar universiteti, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikdagi ishlari yetarli darajada bo‘lmagani uchun, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda loyihalar sonini oshirish topshirig‘i berildi.
Issiqxona xo‘jaligi rivojlangan davlatlarning yetuk tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda qo‘llash maqsadida Agentlik xodimlarini chet davlatlarga yuborishni faol davom ettirish masalasi muhokama etildi. Qolaversa, uzumchilik sohasini rivojlantirishda Xitoy va boshqa davlatlarning investorlarini jalb etib, uzum mahsulotini qayta ishlash, saqlash va sotish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir qator vazifalar belgilab olindi.
Aziz Voitov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” DM mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan “Agrosubsidiya” yagona axborot tizimi platformasini Agentlik tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarga nisbatan faol qo‘llash masalasiga alohida urg‘u berib, ushbu platformani yanada takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlari tomonidan subsidiya olishda inson omilini kamaytirish, ortiqcha so‘rovnomalarni bekor qilish bo‘yicha qatʼiy ko‘rsatma berdi. “Agrosubsidiya” Axborot tizimida talabgorlar arizalarining yagona maʼlumotlar bazasini yaratish, ishchi guruhlar xulosalari va talabgorlar arizalari shakllarini elektron shaklda rasmiylashtirish va qog‘oz ko‘rinishida hujjat almashinuvini bekor qilish, shuningdek, subsidiya ajratish jarayonlarini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligi sohasida taqdim etilayotgan subsidiyalar to‘g‘risida ochiq va shaffof statistik maʼlumotlarni shakllantirish imkoniyati yaratilgan.
Maʼlumki, Prezidentning 2022-yil 10-sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-373 Qaroriga asosan Agentlikka yangi vazifalar yuklandi.
Jumladan:
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan bog‘dorchilik va uzumchilik loyihalariga subsidiyalar ajratib kelinmoqda. Xususan, 2021-yilning o‘zida bog‘larda tomchilatib sug‘orish yo‘nalishida 40,0 mlrd so‘mlik, burg‘ulangan quduqlar uchun 9,3 mlrd so‘mlik subsidiyalar ajratildi. Xuddi shu davr uchun tokzorlarda tomchilatib sug‘orish yo‘nalishida 46,3 mlrd so‘mlik, burg‘ulangan quduqlar uchun 8,9 mlrd so‘mlik subsidiyalar berildi.
Vazir Toshkent davlat agrar universitetida agrar taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishib chiqdi. Xususan, TDAU qoshidagi Axborot-maslahat markazi (Extension center) faoliyati o‘rganildi. 2020-yili o‘z ishini boshlagan Markazning maqsadi innovatsion ishlanmalar va ilg‘or tajribalarni amaliy mashg‘ulotlar vositasida TDAU talabalari orasida keng targ‘ib qilish, vatanimiz va dunyo fani yutuqlarini o‘zlashtirish asosida axborot-maslahat xizmatlarini amalga oshirishdan iborat.
Axborot-maslahat markazi, shuningdek, maʼlumotlar, uslubiy va o‘quv adabiyotlarni chop etish, video mahsulotlarini tayyorlash, o‘quv seminarlar, treninglarni o‘tkazish hamda ko‘rgazmalar, yarmarkalar, dala kunlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda Axborot-maslahat markazi DUK o‘quv tajriba stansiyasi yer maydonlari 54,4 gektardan iborat. Bu yerda issiqxonalar, baliqchilik va chorvachilik ilmiy markazlari, mevali va manzarali bog‘lar, gulchilik ekin maydonlari mavjud.
O‘rganishlar davomida tajriba maydondagi xo‘jaliklarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu yerda ekofiziologik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasini ishga tushirish va mavjud gidroponika issiqxonasini takomillashtirish bo‘yicha qilinajak ishlar belgilab olindi. Aziz Voitov o‘quv tajriba stansiyasi hududida faoliyat yuritayotgan “Fermerlar maktabi” ishtirokchilari bilan ham suhbatda bo‘lib, ularning ehtiyojlari, talab va takliflari, erishayotgan yutuqlari bilan tanishdi.
Shuningdek, vazir tomonidan TDAU hududida qurilgan qozonxonalarni ishga tushirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha gaz tarmoqlarini ulash ishlarini yakuniga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘rganish uchun borilgan keyingi manzil “AgroVitroClone” kichik innovatsion korxonasi bo‘ldi.
Bu yerda Aziz Voitov korxona faoliyati bilan tanishish barobarida yurtimizga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi yerlarni o‘rganish uchun kelgan isroillik va vengriyalik olimlar bilan muloqot o‘tkazib, ushbu ekspertlarning taqdimoti bilan tanishdi. Olimlar Ohangaran tumani yer osti suviga boyligi, undan foydalangan holda tumanda uzumchilik plantatsiyalarini yaratish mumkinligini aytib o‘tishdi.
Taʼkidlanishicha, vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi zimmasiga Ohangaron tumanidagi 50 000 gektar yer maydoniga tuproq sharoiti va o‘simlik biologiyasiga asoslanib, olimlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish vazifasi yuklangan.
Shu maqsadda, Milliy markazda mahalliy va horijiy ekspertlar ishtirokida maxsus guruh tuzildi. O‘zbekistonga Isroil davlatidan agrar sohaning sug‘orish, o‘g‘itlash, bog‘dorchilik, smart texnologiyalar kabi yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislari Israeli Etan, Oren Tal, Ralf Jorj, Erez Fait hamda vengriyalik olim Akos Molnar tashrif buyurdi. Ular bir hafta davomida Ohangaron tumanida tuproq unumdorligi va hosildorligini oshirish borasida hamkorlikda ish olib borishdi.
Vazir “AgroVitroClone” korxonasiga tashrifi davomida in vitro laboratoriyasida yetishtirilayotgan mevali, manzarali va noyob o‘simlik navlari, dorivor o‘simlik turlari, shuningdek, payvandtaglar yetishtirish hamda ularni kasalliklarsiz va viruslardan holi mikroklonal ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Tanishuv doirasida laboratoriyada ko‘paytirilayotgan endemik, dorivor Ajuga turkestanica va Codonopsis bacteriana o‘simliklari haqida ilmiy maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, ularning natijalari hamda bu yerda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Aziz Voitoz o‘z navbatida kompaniya laboratoriyasiga malakali yosh kadrlarni ko‘proq jalb etish, ilmiy yangiliklarni ishlab chiqarishga kengroq joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Shuningdek, ushbu korxona laboratoriyalaridan Toshkent davlat agrar universiteti va agrar sohadagi boshqa OTM talabalari uchun trening markazi sifatida foydalanish kerakligi aytib o‘tildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: