Respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 15,5 ming gektar shundan, 12,3 ming gektar fermer va qishloq xo‘jaligi korxonlarida va 3,2 ming gektar dehqon va aholi tomorqalarida anorzorlar mavjud.
Shundan, hosilli anorzorlar 6,4 ming gektar (3,6 ming gektar fermer va q/x korxonalarida, 2,8 ming gektar dehqon va aholi tomorqalarida) va yosh anorzorlar 9,1 ming gektar bo‘lib, ularning o‘rtacha hosildorligi 160-170 sеntnerni tashkil etadi.
Barcha toifadagi xo‘jaliklarda 2021-yilda 81,9 ming tonna anor yetishtirilgan, 2022-yilda 109,1 ming tonna (45,8 ming tonna fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida) anor mahsulotlarini yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlari belgilab olingan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga anorning 5 ta jumladan, “Achiq-dona”, “Desertniy”, “Kazake-anar”, “Tuya tish” va “Qizil uluchshenniy” kabi mahalliy navlari kiritilgan.
Anor yetishtirishga ixtisoslashgan. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olib, anor yetishtirishga ixtisoslashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, Masalan, Surxondaryo viloyatida Sherobod, Muzrobod tumanlari, Qashqadaryoda Kitob tumani, Namanganda Chust tumani, Sirdaryoda Mirzaobod, Sardoba tumanlari hamda Farg‘onada Quva va Toshloq tumanlarining ayrim hududlari anorchilikka ixtisoslashtirildi.
Ayni paytda Quva tumanida kuz neʼmati anorning 30 dan ortiq navi parvarishlanmoqda. Eʼtiborlisi, yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi Koreya Respublikasi, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. «Quva anori agrofirmasi» anorchilik klasteri tashkil etilib, unga jami 409 gektar va 56 ta anor yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari biriktirilgan.
Vatani Farg‘ona viloyati bo‘lgan “Qayum” va “Qozoqi” kabi anor navlari AQSH va Yevropa davlatlarida mahalliylashtirilmoqda.
Quvadagi betakror anor navi. Bugungi kunda bog‘bonlar Farg‘ona viloyatining Quva tumanida anorning antiqa – ichida urug‘i yo‘q navini mahalliylashtirish va ko‘paytirish bilan shug‘ullanishmoqda. Ushbu anor mazasi bilan ham boshqalardan farq qiladi. Fermer xo‘jaligida parvarish qilinayotgan danaksiz anor navi O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan III-avlod hisoblanib, har bir tupdan hozirda 50-100 kilogrammgacha hosil olinmoqda. Joriy yilda fermer xo‘jaligi dala maydonlarida yangi anorzorlar tashkil qilish uchun 10 mingdan ziyod danaksiz anor ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.
Anorning quyidagi navlari respublikada ekib, yetishtirilmoqda:
“Achiq-dona” mahalliy navi. 1959-yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, viloyatlari, 1967-yildan Sirdaryo viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Bu navning ko‘chati ekilgandan so‘ng ikkinchi-uchinchi-yili hosil bera boshlaydi. Undan unumdor soz tuproqli yerlarda mo‘l hosil olish mumkin, sho‘r yerlarga chidamsiz, sovuqqa chidamli. Hosildorligi – 67,5 sentnerga, eng yuqori hosildorligi 76,7 sentnergacha yetadi.
“Desertniy” navi 1986-yildan Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Bu nav sovuqqa va qurg‘oqchilikka chidamli, zararkunanda va kasalliklar bilan kam zararlanadi. Mevasi oktyabrning ikkinchi o‘n kunligida pishadi. Hosildorligi – 88,0 s/ga, eng yuqori hosildorligi gektariga 103,3 sentnerni tashkil etadi.
“Kazake-anar” mahalliy navi 1959-yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent, Jizzax, Xorazm viloyatlari, 1967-yildan Sirdaryo viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan.
Nav ekilgandan so‘ng ikkinchi yili hosilga kiradi. Yaxshi strukturali chuqur unumdor tuproqlarda juda yuqori hosil beradi. Sho‘rga va sovuqqa chidamsiz, kasallik va zararkunandalarga esa chidamli hisoblanadi.
“Qizil uluchshenniy” navi O‘zbekiston xalq seleksiyasi natijasida yaratilgan. 1981-yildan Surxondaryo viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Bu navning butasi o‘rtacha, mevasi oktyabrning uchinchi o‘n kunligida pishadi. Mevasi uzoq masofalarga yaxshi tashiladi va 3-4 oy saqlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: