2022-yil 3-oktyabr kuni Vengriyaning Budapesht shahrida o‘zbek-venger biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi arafasida o‘tkazildi. Forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyartolar kirish so‘zi bilan qatnashishdi.
Tadbirni ochib berar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi hamda Vengriya biznes vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati bergan maʼlumotlarga ko‘ra, Forum davomida venger kompaniyalariga farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalaridagi investitsiyaviy imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriya davlatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida 7 ta yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, eksport shartnomalari imzolandi. 3 xil yo‘nalish: bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha Ishchi guruh tuzilib, ishlar faol tashkil etilishi belgilandi. Vengriya parrandachilik klasteri O‘zbekistonda ham xuddi shunday loyihani amalga oshirish taklifini berdi. Ushbu loyihaning dastlabki qiymati 300-400 mln Yevroni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, agrar taʼlim bo‘yicha Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan birga Yo‘l xaritasi tuzildi. Unga ko‘ra, talabalar va ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Taʼkidlash kerak, Vengriya-O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik ikki yil oldin boshlangan. Vengriya bilan birga tashkil etilgan Kartoshkachilik markaziga ushbu davlatdan kartoshka navlari keltirilgan va yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda” – deya ta’kidlab o‘tdi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.
Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etildi. Ular davomida ishtirokchilar qo‘shma korxonalar yaratish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldilar. Vengriyaning eksport saloxiyati, Vengriya iqtisodiy tarmoqlarining sanoat kooperatsiyasidagi imkoniyatlari hamda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash borasidagi xamkorlik masalalari ham ishtirokchilarning diqqat-markazida bo‘ldi.
O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga GSP+ benefitsiar maqomi berilgani tufayli Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlaridan foydalanib, samarali sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini yaratish istiqbollari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investitsiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: