2022-yil 4-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekkosmos” agentligi, Fransiyaning “Airbus Defence and Space” kompaniyasi hamkorligida “Raqamli Samarqand” loyihasi doirasidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik hamda mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, loyiha ekspertlari ishtirok etishdi.
Ushbu loyiha Fransiya Hukumatining “FASEP” grant dasturi doirasida “Airbus Defence and Space” kompaniyasining ko‘magi va ishtirokida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Samarqand viloyatining Jomboy, Oqdaryo va Payariq tumanlarining 210 000 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlari tanlab olindi va u yerdagi ekinlarni sunʼiy yo‘ldosh apparatlarining maʼlumotlariga asoslangan holda tahlil qilish ishlari o‘tkazildi. Bu maʼlumotlar davlat idoralari va yerdan foydalanuvchilarga foydali bo‘lgan servis va xizmatlar doirasida taqdim etiladi. 2021-yilning noyabr oyida boshlangan loyiha 2023-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilish davomida qatnashchilarga “Geoferma” loyihasi to‘g‘risida ham maʼlumotlar taqdim etildi. Loyihaning qishloq xo‘jaligi ekinlarini xaritalash, bug‘doy va paxta yetishtirishni baholash, nazorat qilish, suvga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashdagi o‘rniga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi maydonlarining maʼlumotlar bazasini yaratish, fermerlarga maslahat va tavsiyalar berish va yerdan foydalanish borasidagi ish rejalari bilan ham tanishtirildi.
Tadbirda shuningdek, vazirlikning Geoaxborot tizimi va uni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi tarkibiga kiruvchi va loyihalanayotgan tizimlar, yerni masofadan zondlash va sunʼiy intellekt texnlogiyalarini qo‘llashni kengaytirish, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birga amalga oshirilayotgan yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarni qabul qilish va tahlil qilishga doir pilot loyihaning joriy holati, “Airbus” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.
“TerraNIS” va “GE-Data” xizmatlari to‘g‘risida kompaniya mutaxassislari qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va yerdan foydalanish sohasida sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari asosida geoaxborot xizmatlarini loyihalashtirish va geofazoviy texnologiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ham maʼlumotlar taqdim etishdi.
Konferensiya yakunida qishloq xo‘jaligi sohasida yerni masofadan zondlash va sunʼiy intellekt texnlogiyalarini qo‘llash, jumladan, yuqorida taʼkidlangan xizmatlardan respublika hududida foydalanish borasida hamkorlikni muntazam yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: