Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi haqida xabar bergan edik. Delegatsiya vakillari ushbu tashrif doirasida yana boshqa qishloq xo‘jaligi obyektlarida ham bo‘lishdi. Xususan, Tog‘li tumanlar qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishildi.
Ushbu ilmiy-tadqiqot instituti 1959-yili tashkil etilgan bo‘lib, asosan yangi kartoshka navlarini yaratish, urug‘lik kartoshkani yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ayni kunlarda bu yerda biotexnologik usulda “In vitro” sharoitida kartoshka urug‘ligini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilyapti. Ushbu tajriba ayniqsa, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislarining qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, institutda kartoshkaga zarar yetkazadigan zararkunandalarga va virusli hamda boshqa kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi. Kartoshka urug‘chiligi yo‘nalishida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Koreyalik olimlarning taʼkidlashicha, istiqbolda grechka va qulupnay yetishtirish bo‘yicha ilmiy ishlarni boshlash rejalari ham bor.
Tog‘li tumanlar qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti Janubiy Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish administratsiyasi (RDA) tashkiloti tarkibiga kiradi. RDA hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekinlarning mavjud holatini o‘rganadi va samarali ekin turlarini ekish va ixtisoslashtirish bo‘yicha hukumatga taklif beradi.
Shuningdek, mamlakatda Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiya va agroxizmatlar AKIS markazlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ularning mamlakat bo‘yicha 9 ta provinsiya, 156 ta tuman va shaharlar, 728 ta hududda fermerlarga maslahat berish ofislari mavjud.
Eʼtiborlisi, Janubiy Koreyada agrar sohaning Milliy qishloq xo‘jaligi maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Ushbu sohaga qiziqadiganlar ochiq manba bo‘lgan bazadan qishloq xo‘jaligiga oid istalgan maʼlumotlarni topishlari mumkin.
Yana bir muhim jihat, davlat qishloq xo‘jaligi subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i kabi moddiy resurslarni arzon narxlarda yetkazib beradigan va imtiyozli kreditlar ajratadigan muassasalarni tashkil etgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: