Limon sitrus o‘simliklar ichida sovuqqa eng chidamsizdir. Havo harorati pasayib, -4 -5 °C tushganda barglari va yosh novdalari, -6 -7 °C da esa ko‘p yillik tanasi, -8 -9 °C da yer ustki qismi nobud bo‘ladi, shona va gullari – 1,0 -1,5 °C da, mevasi -1,5 -2,5 °C da zararlanadi. Ko‘p yillik tadqiqotlar va keng ko‘lamdagi ishlab chiqarish tajribasidan maʼlum bo‘lishicha, sinab ko‘rilgan barcha limon navlaridan faqat “Meyer” navi xandaq va issiqxonalarda o‘stirish uchun eng maqbul nav ekanligi aniqlangan: bu nav sekin o‘sishi va boshqa navlarga qaraganda serhosilligi bilan farq qiladi. Shuningdek, “O‘zbekiston hosildori”, “O‘zbekiston to‘ng‘ichi” navlari ham yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘ldi.
Tuproqni limon ko‘chatlarini o‘tkazishga tayyorlash
Issiqxona va xandaqlar tuprog‘i yaxshilab tekislanadi va unga 600-800 kg chirigan go‘ng, 200 g superfosfat hamda 100 g kaliyli o‘g‘itlar solinib, 25-30 sm chuqurlikda ishlov beriladi. Issiqxonalarda ildiz tizimi yaxshi o‘sgan bir yoshli va ikki yoshli ko‘chatlar bahorda (mart) yoki kuzda (oktyabr) o‘tqaziladi. Kuzda limon ko‘chati ildiziga yopishgan tuprog‘i bilan o‘tqaziladi. Aks holda, o‘simliklarning bir qismi nobud bo‘ladi. O‘tqazishdan oldin bog‘qaychi yoki o‘tkir pichoq yordamida oxirgi o‘sish darajasining uchdan bir qismi, shuningdek, ortiqcha novdalari, ildizining singan qismi kesib tashlanadi. Ko‘chat o‘tqazilganidan so‘ng uning atrofidagi tuproq zichlanadi va bir chelakdan suv quyiladi. So‘ngra har bir qatorning ikkala tomonidan tuplar tanasidan 25-30 sm masofada olingan egatlar bo‘ylab sug‘oriladi. Xandaqlarga aprel oyida ayozli xatarlar o‘tganidan keyin ko‘chatlar o‘tqaziladi.
Sug‘orish
Vegetatsiya davomida tuproq doimo nam holatda tutiladi. O‘tqazilgandan so‘ng uchinchi yilda sug‘orish egatlari o‘simlik tanasidan 50 sm ga ko‘chirilib, 30-40 sm gacha chuqurlashtiriladi. Limon o‘simliklari qulay o‘sishi va yaxshi meva berishi uchun tuproqning to‘la nam sig‘imi 70-85% ni tashkil etishi kerak. Sug‘orishlar bo‘lib-bo‘lib mavsum davomida 25 martagacha o‘tkaziladi. Ularning miqdori ob-havo sharoiti va o‘simlik holatiga qarab belgilanib, dekabr, yanvar, fevralda 1 marotabadan, mart oyida 2 marotaba, aprel va mayda 3 marotabadan, iyunda 4 marotaba, iyul va avgustda 4-5 marotaba, sentyabrda 3 marotaba, oktyabrda 2 marotaba, noyabrda 1-2 marotaba, shu jumladan, 5-6 marotaba go‘ngli sharbat bilan sug‘oriladi. Issiq yoz kunlarida kechqurun va ertalab sug‘oriladi. Har bir sug‘orishdan keyin tuproqni 10-15 sm chuqurligida yumshatish zarur. Bahorda issiqxonaning havo harorati keskin oshganida, barglarning sarg‘ayishi va to‘kilishi kuzatilib, buning oldini olish uchun quyoshli, sovuq bo‘lmagan kunlarda shamollatish talab etiladi.
Tuproqqa ishlov berish
Qish faslida tuproqqa 25-30 sm chuqurlikda ishlov berishda chirigan go‘ng va superfosfat solinadi. Keyinchalik tuproqni yumshatish, sug‘orish yoki go‘ngli sharbat berish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish vaqtiga to‘g‘rilab olib borilishi kerak. Tuproqqa ishlov berishda o‘simlikning 15-35 sm chuqurlikkacha yotgan ildiz tizimlarini shikastlamaslik uchun ehtiyotlik bilan ish ko‘rish kerak. Begona o‘tlarni o‘tash va ularni issiqxona hamda xandaqlardan chiqarib tashlash zarur, chunki ular o‘simliklarni shira va boshqa zararkunandalardan zararlanishi uchun manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Limon tuplari birinchi marta qishda vegetatsiya boshlangungacha, ikkinchi marta gullash oldidan va 3-4-marta tugunlar to‘kilganidan keyin va mevalar o‘sishi davrida 20-25 kun oralatib go‘ngli sharbat bilan sug‘oriladi. Go‘ngli sharbat sigir, qo‘y-echkilarning va parranda go‘ngini (2:1:1 nisbatda) ariq suvida yaxshilab ezib, sug‘orish egatlariga qo‘yiladi. Yozda go‘ngli sharbat kechqurun va ertalab beriladi.
Shox-shabbalarni kesish va shakl berish
Yuqori va mo‘l hosil olish uchun tuplarning faqat meʼyorda oziqlanishi, o‘sishi va rivojlanishi bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. O‘sib ketgan va shakllangan novdalarni daraxt yoshiga munosib ravishda siyraklatish, chilpish va butash yo‘li bilan muntazam parvarishlash juda zarur. Shakl berish va butashdagi asosiy ishlar novdalarni chilpish, so‘ng kesish va hali yog‘ochlanmagan ortiqcha novdalarni kesib olib tashlashdan iborat. Baʼzan yon shoxlari, shuningdek, qurigan, singan, shox-shabbani qalinlashtirib yuboradigan shoxlar va novdalar kesib tashlanadi. Chilpigandan keyin tez o‘sib ketadigan novdalar kesib qisqartiriladi. Kuchli o‘sadigan novdalar va shoxlarning yon shoxlari kesiladi. Asosiy shoxlardagi serbarg kalta shoxchalar qoldiriladi, chunki ular ayniqsa, birinchi yili o‘simliklar yaxshi o‘sishini taʼminlaydi. Novdalar butun vegetatsiya davrida chilpib kesilaveradi, buning uchun har oyda o‘simliklar 2-3 marta kuzatib turiladi. Bu tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadga muvofiqdir.
O‘simliklar hosilga kirganda ham ularga shakl berish ishi davom ettiriladi, bunda ularning shox-shabbasi mo‘ljallangandan katta bo‘lib ketmasligi kerak. Hosilga kirgan o‘simliklarni butash, odatda, eng serhosil bo‘lgan o‘rtacha uzunlikdagi shoxlarni chiqarishga qaratilgan. Limon o‘simligi asosan oldingi yillari o‘sib chiqqan bahorgi novdalarida meva tugadi. Yozgi va kuzgi novdalari kesilsa, hosildorlikka uncha taʼsir etmaydi. Kuzgi novdalar, odatda chilpilmaydi. Yetti-sakkiz yoshli limon o‘simligi ko‘proq butaladi. O‘simliklarning yoshi oshgan sari uning tanasi kattalashadi, novdalar shox-shabbaning chetlariga tomon kamroq o‘sadi. Bunda yoshartirish uchun butash zaruriyati tug‘iladi, bu ish qishki tinim davrida amalga oshiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: