Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida Janubiy Koreyaning KOPIYA markazi bilan hamkorlikda “Sholi yetishtirishda mexanizatsiyadan foydalangan holda organik dehqonchilikni rivojlantirishʼʼ bo‘yicha texnik loyiha olib borilmoqda. 2022-yil 26-sentyabr kuni ushbu loyiha doirasida bajarilgan tajriba ishlarining kuzgi baholash tadbiri hamda dala seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda KOPIA markazi rahbari janob O Son Jon, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sholichilik ilmiy-tadqiqotinstituti va Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, fermerlar hamda yirik agroklaster rahbarlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda KOPIA markazi rahbari janob O Son Jon so‘zga chiqar ekan, bugungi kunda dunyo aholisini sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash bilan birga, resurstejamkor texnologiyalardan foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolayotganligini taʼkidlab o‘tdi. Xususan, insonlarning guruch mahsulotiga bo‘lgan talabini qondirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi aytildi.
Shu maʼnoda resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llagan holda sholi yetishtirish, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqlim sharoitida juda muhim hisoblanadi. Ushbu texnologiyalar yordamida sholidan mo‘l hosil olish, iqtisodiy foyda ko‘rish, bundan tashqari, ishchi kuchi, suv sarfi hamda bir gektar maydonga sarflanadigan sholi urug‘idan iqtisod qilish mumkin. Shu kabi masalalar seminar ishtirokchilari orasida qizg‘in muhokama etildi.
Shuningdek, seminar doirasida ishtirokchilar tomonidan tajriba dalalari o‘rganildi hamda erishilayotgan natijalar bo‘yicha hisobotlar tinglandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: