Italiya za’faroni O‘zbekiston milliy mahsuloti
Jizzax viloyati Baxmal tumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun press-tur bo‘lib o‘tdi.
Ushbu press-tur O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Italiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan birga BMB hamda Finn.opera S.R.L. savdo guruhi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirda Italiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna, “BMB Trade Group” kompaniyalari rahbari Bekzod Mamatqulov, Jizzax viloyati hokimligi xodimlari, 20 dan ortiq respublika OAV, Italiya Respublikasi va boshqa davlat organlari vakillari ishtirok etdi.
Maqsad O‘zbekistonning za’faron yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha xalqaro investitsiya loyihasini ommaviy axborot vositalarida Jizzax viloyatida yetishtirilgan “BMB Zafaron” brendi ostidagi milliy mahsulot sifatida yoritishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi ko‘magida Jizzax viloyatida za’faron yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi boshlangan edi. Mazkur loyiha doirasida Italiyadan keltirilgan za’faron piyozlari ekildi. Yevropa hududida o‘sadigan bu o‘simlik qisqa vaqt ichida bizning hududga ham moslashib ketdi. So‘ngra plantatsiyani kengaytirishga qaror qilindi.
Italiyadan O‘zbekistonga 2021-yilda 20 mln dona, 2022-yilda esa 16 mln dona za’faron piyozi keltirildi. Ayni paytda plantatsiya 305 gektardan ortiq maydonni egallamoqda.
“Za’farondan tashqari meva yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha boshqa loyihalar ham bor. Mamlakatlarimiz o‘rtasida rivojlana boshlagan bunday hamkorlik katta salohiyatga ega, deb o‘ylayman”, – deya ta’kidlab o‘tdi Italiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna.
Ushbu investitsiya loyihasining ahamiyati shundaki, Jizzax viloyatida yetishtirilayotgan milliy mahsulotimiz eng ilg‘or texnologiyalar asosida qayta ishlanib, xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Klasterga aylanib borayotgan za’faron plantatsiyasi atrofida pazandachilik, farmatsevtika va boshqa sohalar uchun qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilayotgani bu borada qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “BMB Zafaron” mahsuloti Yevropa laboratoriyalarida sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazilgani va 2021-yilda ushbu brend ostidagi za’faron mahsuloti rangi, hidi va ta’mi bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatib, Yevropa sertifikatiga ega bo‘lganini ta’kidlash darkor.
Ushbu yirik investitsiya loyihasi natijasida dunyodagi eng yirik plantatsiyalardan biri bunyod etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: