Yerga mehr bersang, u senga shunday muruvvat bilan javob qaytaradi. Unumdor yerga mehr berib, ekin ekish, yuqori hosil olish tabiiy jarayon. Ammo barcha tadbirkor ham yaroqsiz yerdan foydalanib, hosil olishga jur’at etolmaydi.
Voobkent tumani Guliston qishlog‘ida yashovchi tadbirkor dehqon Mirshod Boboyev hududdagi sho‘rhok, toshloq, suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan 26 gektar ekin maydonini “Farm aktiv” masʼuliyati cheklangan jamiyati uchun foydalanishga oldi. Ishni avval yer holatini yaxshilashdan boshladi. Yerga mahalliy o‘g‘it solinib, so‘ng uning sho‘rini yuvish, shudgorlash kabi agrotexnik tadbirlar o‘tkazildi. Yer ekin ekishga tayyor holatga keltirilgach, Damashq atirgullarining ko‘chatlari o‘tqazildi. Yangi yer maydoni, respublikaga yangilik sifatida ekilgan ushbu atirgul ko‘chatlari tadbirkorga ilhom, ekinga esa rivoj berdi.
“Damashq atirgulidan olingan bir litr efir moyidan 26 tonna atir ishlab chiqarish mumkin. Uning 4 tonna gulidan esa, 1 litr efir moyi chiqadi. Ushbu moy eksportbop mahsulot bo‘lgani uchun u dunyo bozorida xaridorgir. Bizning o‘zimizga ham Turkiya, Germaniyadan efir moyini xarid qilish bo‘yicha takliflar tushyapti. Bir gektar maydonga ekilgan atirguldan 80 million so‘m sof daromad olish mumkin. Faqat buning mehnatidan qochmaslik kerak, unga mehr berib, parvarishlash lozim”— deydi Mirshod Boboyev.
Tadbirkor atirguldan faqatgina efir moyi olish bilan kifoyalanmadi. Atirgul gulobi (suvi) ning inson salomatligi uchun foydali ekanini bilib, undan ichimlik tayyorlanmoqda. Atirgulning gulidan esa, qiyom tayyorlanib, qadoqlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bugun tadbirkorga shunchalik imkoniyat va yaratatuvchanlik berayotgan Damashq atirguli haqida ayrim maʼlumotlarni taqdim etamiz.
Madaniy holda yetishtirilishi. Damashq atirguli asosan madaniylashgan holda uchraydi. U Rossiya, Gruziya, Moldaviya, Tojikiston, Qirg‘iziston respublikalarida hamda Qrimda, Zakavkazyeda va Krasnodar o‘lkasida o‘stiriladi. Mamlakatimizda ham sinov tariqasida ekildi.
Ishlatilishi. Atirgul moyi preparati — “Aqua Rosae” farmatsevtika dorilar hidi va mazasini yaxshilash uchun ishlatiladi. Uning moyi eng asl atir ishlab chiqarish, parfyumeriyada qo‘llaniladi. Ushbu moy sarg‘ish, xushbo‘y bo‘lib, +15°C haroratda stearopteni (hidsiz, keraksiz qismi) kristall holida ajraladi. Tarkibida 50—60% geraniol, 22,6% sitronellol, 10% nerol, 2% gacha feniletil spirti, evgenol hamda sitral, ionil va boshqa aldegidlar mavjud bo‘ladi.
Parvarishlash. Respublikamiz sharoitida asosan payvand qilish yo‘li bilan ko‘paytirishda kerakli atirgul navining bitta yoki bir nechta kurtagi avgust oyining oxirlarida payvandtagga (naʼmatakka) ulanadi. Kelasi yil erta bahorda payvandtag unga ulangan kurtak yuqorisidan kesib tashlanadi va payvandni bog‘lagan chipta bo‘shatiladi. Mavsum davomida bachki shoxchalar 4-5 marta yulib tashlanadi. Payvandli gul 15-20 sm o‘sgandan keyin uning bo‘yiga cho‘zilishiga va muddatidan oldin gullashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Buning uchun payvand gulning uchi kesilib, vaqti-vaqti bilan yon shoxlari qisqartirib turiladi. Oktyabr oyining oxiri noyabr oyining boshlarida bu payvandlar to‘la shakllangan ko‘chatga aylanadi. Atirgulning ko‘chatlarini unumdor va suv bilan taʼminlangan yerlarga kuzda va bahorda o‘tqaziladi. Vegetatsiya davri davomida atirgul ekilgan maydon 20 martacha sug‘oriladi va 6 martagacha oralari chopiladi.
Moychechak
Tadbirkor Mirshod Boboyev yer maydoniga Damashq atirgulidan tashqari moychechak ham yetishtirmoqda. Dorivor moychechak bo‘yi 15-40 sm ga yetadigan bir yillik o‘t o‘simlik hisoblanadi. U keng tarqalgan bo‘lib, asosan o‘tloqlarda, ekinzorlarda (begona o‘t sifatida), yo‘l yoqalarida o‘sadi. Rossiyaning Yevropa qismining janubida, Kavkaz, Qrim, Ukraina, Sibirning janubiy tumanlari va O‘rta Osiyoda ko‘proq uchraydi.
Foydasi. Moychechak ichaklarning yopishib qolishi (ichaklar spazmi)ga, mikroblarga, allergiyaga va yallig‘lanishga qarshi hamda yaralarni davolovchi taʼsirga ega. Shuning uchun uning dorivor preparatlari meʼda ichak (ichak yopishib qolganda va ich ketganda) va ginekologik kasalliklarni davolashda hamda ter va yel haydovchi dori sifatida ishlatiladi. Bulardan tashqari, moychechak guli yumshatuvchi, antiseptik va yallig‘lanishga qarshi (og‘iz, tomoqni chayqashda, shifobaxsh vanna hamda huqna qilishda) vosita sifatida qo‘llaniladi. Shuningdek, uning gulidan (savatchalardan) damlama tayyorlanadi. Savatchalar meʼda kasalliklarida, tomoq chayqashda ishlatiladigan va yumshatuvchi yig‘malar — choylar tarkibiga ham kiradi.
Moychechak o‘simligini o‘stirish texnologiyasi. Nihollarni biologik xususiyatlari: moychechak urug‘larini unishi 6-7darajadan boshlansada, yuqori harorat 20-25 daraja hisoblanadi. Agar urug‘lar ekilgandan so‘ng namlik yetarli bo‘lmasa, urug‘lar uzoq vaqtgacha unmasligi mumkin. Bu vaqtda urug‘ ekilgan maydonlar sug‘oriladi. Nihollar unib chiqqandan so‘ng (namlik va havoning harorati me’yor darajada bo‘lganda) 20-40 kunda har bir niholda 6-10 tadan barglari o‘sib chiqadi. Kuzda ekilgan nihollar shu holda qishlaydi.
Erta bahorda ekilgan nihollardan aprel oyining birinchi o‘n kunligida 7-9 tadan barglari o‘sib chiqadi. Mart-aprel oyi davrida bahorning seryomg‘ir kelishi natijasida barglari tez o‘sishi va yiriklashishi, o‘simlik o‘rtasida poyani o‘sib chiqishi va shoxlanishi kuzatiladi. O‘simlikni namlik bilan yaxshi taʼminlab borilsa, havo haroratining ko‘tarilib borishi natijasida may oyining birinchi o‘n kunligida dastlabki gullar ochiladi.
Savatchaga to‘plangan gullar tarkibida 0,22—0,8%) efir moyi, apiin, kversimeritrin, kversetin, lyuteolin va boshqa (35 106 tacha birikmalar) flavonoidlar, gvayyanolid guruh laktonlaridan matrikarin va matritsin, geterotsiklik halqali poliin laktonlar, proxamazulen, qumarinlar (umbelli-feron, gerniarin) dioksiqumarin, karotin, vitamin C, shilliq, achchiq va boshqa moddalar bo‘ladi.
Moychechak yorug‘sevar, namsevar va unumdor yerlarda o‘stirish maqsadga muvofiqdir. Shu sababli avvalo, urug‘larni sepishdan oldin har gektar yerga 20-25 tonnadan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) va superfosfat solib, tuproq 25-30 sm chuqurlikda haydaladi. O‘simlik o‘sishi va rivojlanishi uchun tuproqda mineral moddalar yetarli bo‘lishi kerak. Moychechak o‘simligini 2-3 yil ekib, so‘ng o‘rniga boshqa dorivor yoki qishloq xo‘jalik o‘simliklarini ekish maqsadga muvofiq.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: