2022-yilda aholining guruch mahsulotiga bo‘lgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga qoplash maqsadida respublika miqyosida 111,5 ming gektarda sholi ekilib, parvarishlanmoqda. Shundan 40,3 ming gektari asosiy maydonlarda joylashtirilgan va 71,2 ming gektari takroriy ekin sifatida yetishtirilmoqda.
So‘nggi yillarda sholichilikda resurs va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Birgina 2022-yilda respublikada 25,2 ming gektar sholi ekiladigan yerlar lazerli tekislandi, 35,8 ming gektar maydonga ko‘chat usulida va 15,3 ming gektarga zamonaviy don ekish seyalkalar bilan sholi urug‘i ekildi.
2022-yil hosili uchun ilk marotaba tegishli hududlarda urug‘lik sholi yetishtiruvchi xo’jaliklar o’rtasida tender tanlovlar o‘tkazildi va urug‘lik sholi yetishtiruvchi 356 ta subyektlar tanlab olinib, 6 ming 203 gektar maydonlarga ekish uchun yuqori avlodli mahalliy sholi navlari urug‘liklari yetkazib berildi.
Sholi hosildorligini oshirish, yangi resurstejamkor, yuqori hosilli navlar yaratish bo‘yicha Vyetnam Qishloq xo‘jaligi Ilmiy Akademiyasidan 2 ta mutaxassis (Pham Van Nghia, Nguyen Phu Thanh) taklif etildi va sholining 6 ta ertapishar navlari olib kelinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida dastlabki tajriba sinovlari olib borilmoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2022-yilda 538 ming tonna sholi hosili yetishtirish kutilmoqda.
Sholichilikda resurstejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga lazerli uskuna bilan tekislangan maydonlardan 20 foizgacha suv resurslari tejalishi natijasida 101 mln m. kub suv iqtisod qilinishi qayd etilmoqda. Zamonaviy seyalkalar bilan quruq yerga ekilganda 1 910 tonna urug‘lik sholi va 153 mln metr kub (35%), sholi ko‘chat usulida ekilganda 2160 tonna urug‘lik sholi va 126 mln metr kub (20%), jami 4070 tonna urug‘lik sholi iqtisod qilinib, 380 mln metr kub suv tejaladi.
Bunday maydonlarda har bir gektardan olinadigan sholi hosildorligi o‘rtacha 65-70 sentnerga yetkaziladi hamda respublika aholisini guruchga bo‘lgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga to‘liq taʼminlash va importni to‘xtatish imkoni yaratiladi.
Joriy yilda yetishtiriladigan yuqori avlodli urug‘liklar hisobidan 2023-yildan boshlab respublika bo‘yicha to‘lig‘icha sertifikatlangan urug‘lik bilan taʼminlash yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirda sholi yetishtirishda ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha doimiy monitoring yuritilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: