Keyingi yillarda respublikada iqlim sharoitining o‘zgarib borishi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda turli kutilmagan holatlarning kuzatilishi natijasida urug‘chilikni rivojlantirish birmuncha mashaqqat kasb etmoqda. Shu sababdan hukumatimiz hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Uzoq yillardan buyon ekib kelinayotgan g‘alla navlarini serhosil va turli stress omillarga chidamli navlar bilan yangilash hamda g‘alla navdorligi, don va un mahsulotlarining sifatini yaxshilash maqsadida respublika hududlarining iqlim sharoiti va ob-havoning turli xil stress faktorlariga bardoshli Rossiya seleksiyasiga mansub ertapishar, yuqori hosilli bug‘doy navlarining 20 ming tonna urug‘ligi Jizzax viloyatidagi “Kenteks” MCHJ agroklasteri tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga olib kelindi.
Bugungi kunda ushbu urug‘lik donni belgilangan tartibda tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda. Urug‘lik donni respublika bo‘ylab kuzgi muddatlarda ekish uchun g‘alla yetishtiruvchi agroklaster va fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri taqsimlash hamda yetkazib berish ishlari esa Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan tashkillashtirilmoqda.
Import qilingan mazkur urug‘lar hisobiga O‘zbekiston sharoitida g‘alla hosildorligi 10-15% ga oshishi kutilmoqda. Bunda urug‘ning o‘z vaqtida olib kelinishi katta ahamiyatga ega, chunki erta ekilgan urug‘ yuqori hosil olinishiga puxta zamin yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan 2023-yil hosili uchun urug‘lik g‘alla maydonlarida o‘tkazilgan dala aprobatsiyasi natijalariga ko‘ra, 77,8 ming gektar yer maydonlari yaroqli deb topildi hamda 270 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arildi. Soha olim va mutaxassislarining ko‘p yillik tahlillariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi P.P.Lukyanenko nomidagi Don milliy markazi seleksiyasiga mansub respublikamiz tuproq-iqlim sharoitiga mos, tabiatning turli stress omillariga chidamli serhosil bug‘doy navlarining yuqori avlodli urug‘liklari hisobiga boshoqli don ekinlaridan yuqori va barqaror hosil yetishtirish imkoniyatlarini bermoqda.
Mazkur markaz seleksioner olimlari bilan 1997-yildan buyon hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, har yili ushbu ilmiy muassasaning 25-30 ta yangi seleksion nav va liniyalari sinovdan o‘tkazilib, mahalliy sharoitlarga introduksiya qilib kelinyapti.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: