Bugunga kelib O‘zbekiston O‘rta Osiyoda uzum va uni qayta ishlash mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Bu soha uchun qulay bo‘lgan iqlimiy shart-sharoitlar qish faslida yaxshi saqlanadigan, uzoq masofaga tashishga moslashgan, shuningdek, har turli vino, sharbat, konsentrat, konyaklar va shampan vinolarini ishlab chiqarishda xomashyo bo‘ladigan kishmish-mayiz, isteʼmol yo‘nalishidagi ko‘plab yuqori sifatli navlarni yetishtirishga imkon beradi.
Jahon bozorida uzumga bo‘lgan talab yil sayin oshib bormoqda.
O‘zbekistonda uzumning ho‘l meva va quritilgan ko‘rinishda (mayiz) eksport qilish imkoniyatlari juda keng. Respublika hududida uzumchilik sanoatini rivojlantirish uchun Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumani, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari iqlimi juda qulay hisoblanadi.
Bugun Farg‘ona tumanidagi “Fergana Frans” MCHJ qo‘shma korxonasining mavjud 1203 gektarlik yer maydonida uzum klasteri yaratilgan. Unda uzum yetishtirilib, qayta ishlanadi va vino mahsulotlari tayyorlanadi. Mahsulotlar Rossiya, Latviya, Litva, Ozarbayjon, Xitoy kabi xorijiy davlatlarga “O‘zbek brendi” ostida eksport qilinadi va ichki bozorga ham chiqariladi. Xususan, 2021-yilda korxona tomonidan 2 million 500 ming AQSH dollari miqdorida vino mahsulotlari eksport qilingan.
Yillik ishlab chiqarish hajmi 6500 tonna bo‘lgan korxonaga tumandagi 101 ta fermer xo‘jaliklari biriktirilgan. Istiqbolda shuningdek, 100 gektar maydonda anorzor xamda bexizorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Qolaversa, muzlatgichli omborxonalar qurish ham mo‘ljallanmoqda.
O‘zbekiston vinochiligi tarixi
O‘zbekistonda tokchilik tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi va ko‘p asrlik tarixga ega. O‘rta Osiyo yer yuzining ajib o‘lkasi bo‘lib, tokchilik va vinochilikning eng qadimgi va yorqin madaniyati o‘choqlaridan biridir. Mahalliy vinopazlikning rivoj topgani to‘g‘risida arxeologik topilmalar, muqaddas matnlar va qadimiy qo‘lyozma asarlar dalolat bersa, so‘nggi yillarda olib borilgan geopaleontologik va ampilografik tadqiqotlar esa tokchilik O‘rta Osiyoda taxminan 6 ming yil avval rivoj topa boshlaganidan va o‘sha davrlarda yetarlicha yuksak vinochilik madaniyati mavjud bo‘lganidan guvohlik beradi.
Uzum navlarini texnologik o‘rganish shuni ko‘rsatib berdiki, boshqa uzumchilik hududlariga nisbatan olib qaraganda O‘zbekistonda bir xil navning o‘zidan, bir xil sharoitda mavsumga bog‘liq ravishda vinolarning har xil turlarini ishlab chiqish imkoni yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Masalan, Toshkent vohasida Rkatsiteli navidan erta terimda isteʼmol vinolari va nisbatan to‘liq vinolar olish mumkin bo‘lsa, o‘rta terimda sariq tusli deb ataluvchi toblangan yong‘oq taʼmli o‘tkir vinolar olinadi. Kechki terimda esa huddi shu navdan so‘ligan uzum va chorjo‘y qovuni taʼmli desertli vinolar ishlab chiqiladi.
Isteʼmoldagi vinoning har xil turlari mavjud: kolleksion maxsus vino, qaynar vino, yetiltirilgan tabiiy vino, gazlangan vino, mevali vino, brendi va boshqalar.
Maʼlumot uchun: Hozirgi kunda respublikamizda 42 ta alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 72 ta uzum xomashyosini qayta ishlash punktlari mavjud, shuningdek, ushbu korxonalardan 16 tasi tabiiy vino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi koroxonalardan iboratdir.
Vino, meva vinolari va konyak mahsulotlarining eksport geografiyasi Kongo, Litva, Italiya, Chexiya, Turkiya, Armaniston, Gruziya, Hindiston, Mo‘g‘o‘liston, Isroil va Ispaniya kabi davlatlar hisobiga kengayishi kutilmoqda va shu borasida tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: