Qishloq xo‘jaligida mahsulotdan yuqori va sifatli hosil olish eng avvalo, u ekilgan maydonning unumdorligiga bog‘liq. Ayniqsa, kuzgi bug‘doy ekishda yerni to‘g‘ri tayyorlash juda muhim. Bu borada eng muhim agrotexnik tadbirlardan biri tuproqqa asosiy ishlov berish, yaʼni shudgorlash hisoblanadi. Shudgorlash tuproqning barcha xususiyatlariga: agrofizik, agrokimyoviy, biologik xossalariga ijobiy taʼsir etadigan jarayondir. Bu o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilganda tuproqning donadorligi, hajm massasi, suv xossalari, havo almashinuvi, mikrobiologik jarayonlari sezilarli darajada yaxshilanadi.
Shudgorlash o‘tkazilish vaqtiga qarab: kuzgi va bahorgiga bo‘linadi. Respublikamizning aksariyat dehqonchilik olib boriladigan hududlarida kuzgi shudgorlash o‘tkaziladi.
Shimoliy hududda, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasida asosiy katta maydonlar kuchli sho‘rlangan bo‘lgani uchun ekin ekishdan oldin ikki marta kuzda va bahorda yerning sho‘ri yuviladi. Shu bois, shimoliy hududda shudgorlash bahorda o‘tkaziladi.
Shudgorlash usullari: bir yarusli pluglarda, ikki yarusli chimqirqarli pluglarda va tuproqni ag‘darmasdan amalga oshiriladi.
Bu qanday bajariladi? Shudgorlashda yerning qanchalik zararlangani, unga mexanik ishlov berilganini eʼtiborga olish muhim. Begona o‘tlar bilan kuchsiz zararlangan yoki zararlanmagan, mexanik tarkibi yengil bo‘lgan hududlarni shudgorlashda tuproqqa yuza ishlov beriladi yoki 28-30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi.
Begona o‘tlar bilan o‘rtacha zararlangan, mexanik tarkibiga ko‘ra, o‘rtacha soz maydonlarda shudgorlash tuproqqa ikki yarusli pluglarda 30-35 sm chuqurlikda asosiy ishlov berish orqali amalga oshiriladi. Yer tekislagichlar bilan tekislangandan so‘ng mola boronalanadi.
Ko‘p yillik begona o‘tlar ajriq, g‘umay, qamish bilan zararlangan, mexanik tarkibi og‘ir qumoq bo‘lgan maydonlarda tuproq ikki yarusli pluglarda 35-40 sm chuqurlikda shudgor qilinadi.
Darvoqe, ochiq maydonlarda kuzgi g‘alla ekiladigan konturlarni aniqlab, shudgorlashdan oldin nam suvi beriladi. G‘alla ekiladigan maydonga sof holda gektariga 80-90 kg fosforli, 50-70 kg kaliyli o‘g‘itlar berilib, chimqirqarli PLN-4-35, PLN-5-35 hamda ikki yarusli PO-4-45 kabi pluglarda 30-35 sm chuqurlikda shudgorlanadi.
Yerni ekishga tayyorlash ikkiga bo‘linadi: tuproqqa asosiy ishlov berish va ekish oldidan unga ishlov berish.
Tuproqqa ishlov berishdan asosiy maqsad-tuproqni zichlangan yuza qatlamini sifatli qilib yumshatishdan iborat.
Yer yumshatilganda tuproq zichligi buzilib g‘ovakligi ortadi. Haydov qatlamidagi tuproqni fizik xossalari, suv, havo, issiqlik o‘tkazish tartibi yaxshilanadi. Mikroorganizmlar faoliyati kuchayib, organik massalarni chirishi tezlashadi va turli maʼdanli birikmalar o‘simlik tomonidan oson o‘zlashtiriladigan holga keladi.
Kuzgi g‘alla ekiladigan yerlarni ishlash tizimi undan oldin shu maydonga qanday ekin turi ekilganligiga bog‘liq.
Boshoqli don ekinlari, makkajo‘xori yoki sabzabot ekinlaridan keyin yer odatda qurib qolishi natijasida haydalganda kesaklar ko‘chadi. Bunday kesaklarni maydalash qiyinlashadi. Shuning uchun bunday yer maydonlari dastlab yengil sug‘oriladi va tuproq yetilishi bilan diskli yumshatkich yoki chimqirqar yordamida 10-12 sm chuqurlikda yuza yumshatiladi va undan keyin 20-22 sm chuqurlikda ag‘darib haydaladi. Bunday chuqurlik kuzgi bug‘doy yetishtirishda eng maqbul hisoblanadi.
Kuzgi bug‘doy, sabzavot ekinlaridan keyin ekiladigan bo‘lsa, yerga yengil 18-20 sm chuqurlikda ishlov berish samarali hisoblanadi.
O‘zbekistonning sug‘oriladigan yer sharoitida ekiladigan kuzgi bug‘doyning 68-70 foizi, hatto undan ortiqrog‘i g‘o‘za qator oralig‘iga ekiladi.
Bunday holda bug‘doy ekiladigan yer maydonlari eng birinchi navbatda g‘o‘za qator oralarida urug‘lari pishib turgan begona o‘tlardan tozalanib, g‘o‘za qator oralari KRX-4, KRX-3,6, KXU-4, KPN-4 kabi uinversal kultivatorlar va shu singari boshqa moslama texnikalardan foydalanib yumshatiladi.
Umuman kuzgi bug‘doy ekiladigan dala qancha notekis va past-baland bo‘lsa, uni sug‘orish qiyinlashadi, suv ko‘llab, eroziya hosil bo‘ladi. Urug‘ unib chiqishi bir hilda tekis bo‘lmasdan, ko‘chat siyraklashadi. Shu sababli yerni yuza yumshatish, tuproqni mayin qilish hamda uni haydov qatlamida havo almashinuvini yaxshilash uchun yer boronalanib, mola bosiladi.
Bu qanday bajariladi? Bug‘doy nihollarini tekis undirib, kuzgi va bahorgi sug‘orishlarni sifatli olib borish uchun ham yerlarni yaxshilab tekislash zarur. Bundan tashqari, g‘alla maydonini sifatli tekislanmasligi natijasida sug‘orish davomida suvning to‘planib qolishi (ko‘llashi), ko‘chatlarning nobud bo‘lishi yoki siyraklashishi, yerning meliorativ holatining yomonlashishi kelib chiqadi. G‘o‘za qator orasiga g‘alla ekishdan oldin mavjud g‘o‘za maydonlaridagi g‘o‘zalarning holati va 1-terimdan so‘ng g‘alla ekiladigan maydonlar hajmidan kelib chiqib, ekish mavsumini qisqa kunlarda va sifatli o‘tkazish maqsadida ekish grafigi asosida konturlarni belgilash lozim. Belgilangan konturlarda paxtani 1-3 kun muddatda terib olib, sof holda gektariga 80-90 kg sof holda fosforli, 50-70 kg kaliyli o‘g‘itlar berish tavsiya etiladi. O‘g‘itlar berilgandan so‘ng g‘o‘za qator oralarini ikki marta kultivatsiya qilish hisobiga mavjud g‘o‘za egatlarini tekislash kerak. Bunda har bir konturdagi dala atroflari shudgorlanib, begona o‘t ildizlaridan tozalash, texnika yordamida dala yaxlitligini taʼminlash, yerga yer qo‘shishga eʼtibor berish lozim. G‘o‘za qator orasida yer tayyorlash ishlari yakunlanganidan so‘ng belgilangan meʼyorda uzog‘i bilan 2-3 kunda urug‘ni sifatli ekish hamda paxtani ikkinchi terimiga qadar yengil sug‘orish ishlarini amalga oshirish mumkin. Shuningdek, ekilgan g‘allani kontur bo‘yicha 100 foiz to‘liq undirib olishga hamda g‘alla maysalarini qishlovga to‘plagan holda olib kirilishiga erishish lozim. Ana shundagina ekilgan g‘alla bir tekisda unib chiqadi va bu uning hosildorligiga ham taʼsir etadi.
G‘o‘za qator oralarini kuzgi g‘alla ekishga tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari bor. G‘o‘za qator oralarini ekishga tayyorlash oldidan taʼsir etuvchi modda hisobida fosforli va kaliyli o‘g‘itlarin yillik meʼyori fosfor 90-100 kg, kaliy 50-60 kg hisobida beriladi.
Agarda g‘o‘zapoyalari yig‘ishtirib olingan yer maydoni bo‘lsa, unday yer maydoni 10-12 sm chuqurlikda chimqirqar yordamida yuza yumshatilgandan keyin 20-25 sm chuqurlikda ag‘darib haydaladi. Haydalgan yer maydonidagi tuproq namligi dala nam sig‘imiga nisbatan 50-60 foizni tashkil etganda yer «zigzag» borona yordamida borona qilinadi.
G‘o‘za qator oralarini kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishga tayyorlashda shunday eʼtibor qaratilishi kerakki, g‘o‘zapoyalarni tagi ham tekis qilib yumshatilganda g‘o‘za qator oralariga urug‘ ekiladigan maydon kengayadi. Bu esa o‘z navbatida maydondagi maqbul ko‘chat qalinligini taʼminlaydi.
Tuproqqa ishlov berish tizimi noto‘g‘ri tanlanadigan bo‘lsa, eng yaxshi o‘tmishdosh ekin turi eng yomon bo‘lib qolishi mumkin.
Shuning uchun har bir yer maydonining holatini hisobga olgan holda, tuproqqa ishlov berish o‘z ijobiy natijasini beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: