“GʻALLA YETISHTIRISH VA SOTISHDA ERKIN RAQOBATNI TAʼMINLAYDIGAN BOZOR TAMOYILLARINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA” GI QAROR MAZMUNI
AGRO.UZ > Yangiliklar > Videoreportajlar > “GʻALLA YETISHTIRISH VA SOTISHDA ERKIN RAQOBATNI TAʼMINLAYDIGAN BOZOR TAMOYILLARINI JORIY ETISH TOʻGʻRISIDA” GI QAROR MAZMUNI
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash, gʻallaning kerakli boʻlgan hajmidan tashqari davlat xaridlaridan toʻliq voz kechish hisobiga investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, gʻalla donini birja savdolarida cheklovlarsiz sotishga imkon yaratish maqsadida:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining gʻalla yetishtirish va sotishdagi investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
ichki bozorni gʻalla doni bilan kafolatli taʼminlash maqsadida 2022-yildan boshlab respublika hududida ekishga tavsiya etilgan bugʻdoy navlarini xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yer-suv sharoitlaridan kelib chiqqan holda mustaqil joylashtirish;
2022 — 2024-yillarda gʻallachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari yetishtirgan hosilning gʻalla ekilgan har gektar sugʻoriladigan maydon hisobidan respublika boʻyicha oʻrtacha 2,5 tonnadan bugʻdoyni erkin birja savdolari orqali, qolgan qismini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida erkin sotish;
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) kredit resurslari hisobidan gʻalla yetishtirish xarajatlarini qoplash uchun imtiyozli kreditlarni gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari va gʻallachilik klasterlariga ajratish;
gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari, Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari va gʻallachilik klasterlariga kredit mablagʻlaridan erkin foydalanish, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi texnikalarini toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish huquqini berish.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishgan holda kalendar yilning 1-avgustiga qadar bugʻdoyning kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan indikativ narxi ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishini taʼminlasin.
Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2022-yil 1-yanvarga qadar Jamgʻarma tomonidan ichki bozorda narx barqarorligini taʼminlash uchun birja savdolaridan bugʻdoy sotib olish va uni birjada sotish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:
Jamgʻarma nomidan birja savdolarida bugʻdoy sotib oluvchi tijorat vakilini belgilash va tanlab olishning aniq va shaffof mezonlari;
tijorat vakili tanlovida “Oʻzdonmahsulot” AK tizimi korxonalari bilan bir qatorda hududlarda donni qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullanayotgan boshqa tadbirkorlik subyektlariga teng sharoit yaratilishi;
tijorat vakili Jamgʻarma nomidan xarid qilingan bugʻdoy uchun oʻzining butun mol-mulki bilan javobgar ekanligi;
tijorat vakili Jamgʻarma topshirigʻiga asosan Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Milliy geografik axborot tizimida yer uchastkalariga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtgan gʻallachilik klasterlari va fermerlardan birja orqali bugʻdoy sotib olishi;
tijorat vakilining bugʻdoyni xarid qilish, saqlash, tabiiy kamayish, ortish, tashish va davlat zaxirasini yangilash boʻyicha xarajatlarini qoplab berish;
ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash uchun xarid qilingan bugʻdoyning Jamgʻarma tomonidan birja savdolariga chiqarilishi;
narxlarni saqlab turish maqsadida bugʻdoyni sotishdan olingan ijobiy va salbiy farqlarni qoplash tartibi koʻzda tutilsin.
Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: