Avgust oyi oxirida “A&M” Texas universitetining N. Borloug nomidagi xalqaro qishloq xo‘jaligi instituti direktori Erik Bost boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi.
Erik Bost boshchiligidagi Texasning “A&M” universiteti delegatsiyasi mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishdi.
Delegatsiya tarkibiga “A&M” Texas universitetining Norman Borloug nomidagi xalqaro qishloq xo‘jaligi instituti direktori Bost Erik, Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Devis Tim, Innovatsiya va irrigatsiya laboratoriyasi direktori Lefor Nikolls kirgan.
Delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari, Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari bilan uchrashdi.
FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Texas universiteti delegatsiyasi O‘zbekistonda turli yo‘nalishlar, jumadan, raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, kartoshkachilik tarmoqlari va sholichilikni rivojlantirish, Geografik koʻrsatkichlarni joriy etish, oʻrmonlarni barqaror boshqarish, choʻl bioxilma-xilligini saqlash, qurgʻoqchilik va shoʻrlanish xavfiga qarshi kurashish, asalarichilikni, shuningdek, issiqxonalarni rivojlantirish, chigirtkalarga qarshi kurash va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan qator loyihalar doirasida FAO tomonidan qishloq hududlarini rivojlantirish va fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishdi. Bundan tashqari, 2020-2030-yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasining ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda, shuningdek, vazirlikning paxtachilik boshqarmasi, qishloq xo‘jaligidagi bilim va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, shuningdek, “Agrar soha ayollari” uyushmasi vakillari ishtirok etishdi.
Delegatsiya a’zolari Qashqadaryo viloyatida ham bo‘lib, paxtachilik klasteri, fermer xo‘jaliklari, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining bugungi holatini tahlil qilish va uning rivojlanish dinamikasi, qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishish, shuningdek, respublika agrosanoat kompleksini yanada takomillashtirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat edi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar quyidagi masalalarda hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar:
Shuningdek, uchrashuvlar chog‘ida Texasning “A&M” universitetida yuqori lavozimli davlat xizmatchilari uchun qishloq xo‘jaligi sohasida ikki haftalik maxsus treninglar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Erik Bost O‘zbekiston hukumatining yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimiga ilg‘or usullar va jahon tajribasini singdirish borasidagi faoliyatini yuqori baholadi.
Ma’lumot:
Texas A&M universiteti — AQShning Texas shtatidagi oliy taʼlim muassasasi. Bu A&M universitetlar tizimining eng yirik oliygohi bo‘lib, u Qo’shma Shtatlardagi eng yirik universitetlar orasida yettinchi o‘rinni egallaydi va Texasdagi eng yirik universitet hisoblanadi. Universitet yerdan foydalanish, okeanologiya va kosmonavtika sohasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi. Ushbu muassasa AQShning eng ko‘p moliyalashtiriladigan 20 ta universitetlaridan biri bo‘lib, hayvonlar va o‘simliklarni klonlash sohasiga, shuningdek, neft sanoatiga katta hissa qo‘shadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: