Ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishda qo‘llaniladigan biologik vositalar va ularni ekin maydonlariga tarqatilishi to‘g‘risida O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Uyg‘un Toshpo‘latov o‘z maslahatlarini taqdim etadi.
Qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida zararkunandalarning tarqalishi hosilning nobud bo‘lishiga, aholining oziq-ovqat bilan taʼminlanishiga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi. Shu boisdan, ularga qarshi kurashish va profilaktik chora-tadbirlar olib borish bu boradagi eng samarali va oson yechimdir.
Ekinlar zararkunandalarining tarqalishi, rivojlanishi hamda zararlilik darajasi o‘sha joydagi ob-havo, tuproq sharoitlari va yetishtirilayotgan ekinlar naviga bog‘liq.
Qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik kurashda Respublikamiz biolaboratoriyalarida asosan 3 ta trixogramma, brakon, oltinko‘z entomofaglari ko‘paytiriladi.
Trixogramma tunlam tuxumlariga qarshi qo‘llaniladi. U asosan don kuyasining tuxumlarida ko‘paytiriladi. Juda tez ko‘paygani bois, bir yilda 14-15 marta avlod beradi. Trixogramma don kuya kapalagining bitta tuxumiga bittadan tuxum qo‘yadi. U jami 25-30 tagacha tuxum qo‘ya oladi.
Parazitning barcha rivojlanish davri o‘ljaning tuxumida o‘tadi. Uni g‘umbak yoki yetuk shaklida ishchilar qo‘l kuchi yordamida dalaga chiqarib tarqatiladi.
Trixogramma bir gektarga kamida 100 ta nuqtada 10 metrdan (10×10) oralatib tarqatiladi. G‘ovlagan g‘o‘za paykallarida hamda zararkunandaning zichligi ko‘p bo‘lgan joylarda 5×5 tizimida 400 nuqtaga tarqatish yanada yaxshi samara beradi.
Brakondan o‘rta va katta yoshli ko‘sak qurtlariga qarshi foydalaniladi. U mart, aprel oylarida havoning o‘rtacha sutkalik harorati 16-18 darajaga yetganda jonlana boshlaydi. Mavsum davomida 7 marta avlod beradi. Brakon tashqi parazit bo‘lib, ko‘sak qurtining o‘rta va katta yoshdagi qurtlarini falajlab, so‘ng ustiga 4-5 tadan toki 16 tagacha tuxum qo‘yadi. Ushbu parazit juda serpusht bo‘lib, 100-800 tagacha tuxum qo‘yishi mumkin. U laboratoriya sharoitida mum kuyasi qurtlarida ko‘paytiriladi.
Brakon bir gektarga tarqatishda asosan ko‘sak qurti bor joylarga 4-5 kun oralatib, 3 marta qo‘yilishi kerak. Masalan, nazoratchilar tomonidan 100 ta o‘simlikda 5 tadan qurt borligi aniqlangan bo‘lsa, bunday holatda bir gektarda 5000 dona qurt bo‘ladi.
Oltinko‘z hammaxo‘r yirtqich kushanda sifatida so‘ruvchi va kemiruvchi zararkunandalarga qarshi ishlatiladi. U zararkunandalarning 70 dan ziyod, kanalarning 11 turi bilan oziqlanadi. O‘zbekistonda oltinko‘zlarni boqish uchun don kuyasi tuxumidan (sitotroga) foydalaniladi. Uni yetishtirish uchun ozuqani mo‘l-ko‘l qilib berish kerak. Biolaboratoriyada lichinkalarini ko‘paytirish uchun harorat 20-27 daraja, havo namligi 50-70%ni tashkil etishi lozim. Rivojlanish davrida 300 tagacha shira, o‘rgimchakkana va zararli tunlamlarning tuxumlarini yo‘qotadi.
Uni ko‘paytirish uchun 10 kilogramm arpa tozalab olinadi. Arpa qaynoq suvda (90-95 0 С) 1-2 daqiqa zararsizlantirilib, bir sutka davomida dimlanadi, keyin uni maxsus patnislarga 2-3 sm qalinlikda yoyib, namligi 16%ga tushguncha shamollatiladi. So‘ngra yangi olingan don kuya tuxumi 10 kilogramm arpaga 10 grammdan yaʼni 5 ta joyga 2 grammdan qo‘yiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: