Malina (xo‘jag‘at) tomorqalarda keng tarqalgan, qimmatli rezavor ekin hisoblanadi. U mevasining ajoyib taʼmi, xushbo‘y hidi bilan ko‘pchilikka manzur. Malina qimmatli mahsulot va inson salomatligi uchun koni foyda malhamdir. Tibbiyotda malinaning ho‘l va quritilgan mevasidan terlatuvchi hamda isitmani tushiruvchi, shamollash, gripp kabi kasalliklarga qarshi kurashuvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Mevasining tarkibida shakar 5-10% gacha, organik kislotalar 0,5 dan 2,5% gacha, B1 , B2 , B6 , B9 , B12, C, D, E, R, K vitaminlar, oshlovchi moddalar, bo‘yovchi moddalar (1,5% gacha), fosfor, temir, tuzlar, pektin (0,5-0,9%) mavjud.
Malina yetishtirish. Serhosil va foydali ushbu rezavor mevani tomorqada yetishtirish unchalik qiyin emas. Uni urug‘idan, ildiz bachkidan, ildiz qalamchadan hamda tuplarni bo‘lish yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Muhimi, ko‘paytirishning barcha yo‘llarida (urug‘dan ko‘paytirish bundan mustasno) navning xususiyatlari saqlanib qoladi. Malina urug‘ini faqat yangi nav olish maqsadida seleksiyada qo‘llaniladi.
Avvalo, malina ekish uchun alohida yer maydoni tanlash lozim. Chunki u bir yerda muqim holatda 10-12 yil, baʼzan undan ham ko‘proq vaqt o‘sadi. Buning uchun sovuq shamollardan to‘silgan, hosildor hamda suv qatlami yer yuzasidan 1,5 metrdan past bo‘lgan maydonlar ajratiladi. Uni tarkibi boy, chirindili, suvni yaxshi o‘tkazuvchi qumloq va qumoq tuproqli yerlarga ekish ayni muddao.
O‘simlikni ekish. Respublika sharoitida sug‘oriladigan yerlarga malina kuz (oktyabr-noyabr)da yoki erta bahor (mart)da ekiladi. Kuzda ekilgan nihollar yaxshi o‘rnashib, erta bahordayoq o‘sa boshlaydi. Malina ildiz bachkilarini qator oralig‘i 1,5-2 metr qatordagi oralig‘i 0,5 metr, eni va chuqurligi 40 sm qilib olingan chuqurlarga o‘tqaziladi. Ekishdan oldin ildiz tizimi sinchiklab tekshiriladi. Agar kasallangan, singan yoki zararlangan ildizlari bo‘lsa, kesib tashlanadi, judayam uzun ildizlari qisqartiriladi. Ko‘chat o‘tqazilgan zahoti har bir chuqurchaga 5-6 litr suv quyiladi, chuqurchalar usti go‘ng, torf yoki quruq tuproq bilan yopiladi, novdasining tuproq yuzasidan ustki qismi qirqilib, bir joyga to‘planadi va yoqib yuboriladi.
Parvarish qilish. Malina ko‘chatining yaxshi tutishi va baquvvat bo‘lib o‘sishi uchun birinchi yili ekinlarga ko‘ngildagidek parvarish zarur. Kuzda yoki bahorda nobud bo‘lgan yoki nimjon ko‘chatlar o‘rniga o‘sha navdan yangi ko‘chat o‘tqaziladi. Yoz davomida tuproqni g‘ovak holda saqlash lozim. O‘sish davri davomida, erta bahordan boshlab qator oralari 10-12 sm qator ichida 4-5 sm chuqurlikda 5-7 marta tuproq yumshatiladi. Kuzda qator oralari bir belkurak bo‘yi, qatordagi tuplar yoni esa 4-5 sm chuqurlikda ag‘darilib chopiladi. Begona o‘tlar paydo bo‘lganda, chopiq qilinaveradi.
O‘g‘itlash. Malina hosildorligini oshiradigan muhim agrousullardan biri o‘g‘itlashdir. U har yili juda ko‘p miqdorda bachki ildizlar hosil qiladi, ular tuproqdan ko‘pgina oziq moddalarni o‘zlashtiradi. Shu boisdan yaxshi hosil olish uchun har yili mineral o‘g‘itlar solish kerak. Tuproqning hosildorligiga qarab har yili yoki yil oralatib solinadi. Go‘ng, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar kuzda yer ag‘darilib chopilayotgan paytda, azotli o‘g‘itlar bahorda yer chopilayotganda solinadi.
Sug‘orish. Malina o‘sish davrida har bir kvadrat metr yerga 10-12 litr hisobida 12-15 martagacha sug‘oriladi. Dastlab g‘uncha tugayotganda, ikkinchi marta gullash oldidan, uchinchi marta meva tugish oldidan, to‘rtinchidan sakkizinchigacha meva berayotganda, to‘qqizinchidan-o‘n beshinchigacha hosili yig‘ib olingandan so‘ng sug‘oriladi. O‘simlikni chidamli qilish uchun sug‘orishni sentyabrgacha to‘xtatiladi.
Butash. Malina yilda ikki marta butaladi. Hosili terib olingandan so‘ng, meva tukkan barcha ikki yillik shoxchalari qirqib tashlanadi. Ularni poyasini qoldirmasdan tuproq sathigacha kesib tashlash kerak. Bir yilda ikki marta hosil beruvchi (remontant) navlarining hosil bergan barcha novdalarining yuqori qismi kesib tashlanadi. Malinani parvarish qilishni yengillatish, tuplarga yorug‘lik yaxshi tushishi, novdalarni sinib qolishdan asrash uchun maydonlarda simbag‘az o‘rnatiladi. Simga meva beruvchi shoxchalar bog‘lanadi. Ularning uchlariga o‘zaro parallel bo‘lgan simlar mustahkamlanib, oralig‘iga malina novdalari joylashtiriladi. Ularni bog‘lash yoki bog‘lanmagan holda ham qoldirish mumkin.
Malina kech kuzgacha o‘sadi, birinchi yili chiqargan shoxchalari gullaydi va sovuq tushgunga qadar meva beradi. Qorsiz qish sovug‘ida shoxchalar muzlab qoladi. Shu boisdan ochiq yerlardagi malinalar qish oldidan ko‘miladi, usti poxol, palaklar, qamish yoki tuproq bilan bekitiladi.
Hosilni yig‘ish. Malina ekilgach, ikkinchi yilidan hosil bera boshlaydi, uchinchi-to‘rtinchi yillari to‘liq hosilga kiradi. Uning mevasi nihoyatda nozik bo‘lganidan bandi bilan uziladi. Muhimi, o‘ta pishib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Terilgan kuni realizatsiya qilinishi lozim. Shuningdek, qayta ishlashga mo‘ljallangan malinani bandi bilan termasa ham bo‘ladi. Uning mevasi Toshkent viloyati sharoitida iyunning birinchi o‘n kunligida pisha boshlaydi, hosilni yig‘ib olish iyulning ikkinchi o‘n kunligida tugaydi. Pishganining dastlabki kunlarida mevasi kunora, oxirida 3-4 kundan so‘ng 1,5-2 kg meva sig‘adigan idishga teriladi. Malinani ertalab yoki kunning ikkinchi yarmida, harorat pasaygandan so‘ng terib olish kerak.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: